2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlandi: korrupsiya haqida xabar bergan shaxslar himoya qilinadi

«O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi, deb yozmoqda Xushnudbek.uz.
Unga ko‘ra 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlandi.
Tegishli vazirliklar uch oy muddatda muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari o‘rta muddatli istiqbolda quyidagilardan iborat:
sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish shart-sharoitlarini istisno etish;
davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish;
davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning ish haqi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish;
fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish.