2019 yil - "To‘ng‘iz" yili. Bu yilda bizni nimalar kutyapti?

Xitoy astrologik kalendariga muvofiq 2019 yilning jonivor “homiy“si, o‘n ikkinchi muchal – to‘ng‘iz bo‘ladi.

Munajjimlar bashoratiga ko‘ra, 2019 yil yaratuvchanlik, bunyodkorlik va yorqin lahzalar baxsh etadi. Yil davomida tirishqoqlik bilan mehnat qilish, o‘z baxti uchun kurashmoq istagi oshib boradi.

To‘ng‘iz omadsizliklarni uzoqlashtirib, kelajakka umid bilan qarashga yordamlashadi. Ko‘ngilsizliklar va muammolar orqaga chekinadi. Omad, moddiy boylik va muvaffaqiyatlarga imkoniyatlar eshigi ochiladi.

2018 yilda taqdir taqozosiga tayangan, har qanday sabab tufayli shubha-gumonlarda qiynalgan bo‘lsangiz, 2019 yilda nekbin to‘ng‘iz farovonligingiz haqida astoydil qayg‘uradi. Bu davrda qilingan barcha ishlarni tahlil qilish, kelishmaydigan insonlar bilan yarashish va har jabhada barqarorlikka erishgan ma’qul. Yangi yil barcha sohalarga o‘zgarish kiritadi, ixtiloflarni bartaraf etib, insonlar orasida munosabatni tiklaydi.

To‘ng‘iz yili yetarli darajada tinch va murosali bo‘ladi. Chunki ushbu hayvon xayrixohligi va odilligi bilan ajralib turadi. U nafaqat davlat darajasida, balki har bir inson hayotida keskin burilish yasashga qodir.

2019 yilda moliyaviy ishlar samarali bo‘ladi. Bundan tashqari, yil “egasi“ salomatlikni mustahkamlashga va kuch-quvvat, ko‘tarinki ruh bag‘ishlashga yordam beradi. Nafaqat ruhiy holatni, balki tanani mustahkamlash – sport bilan shug‘ullanish, suzish, qomatni tiklashga yordam beradi. Yil davomida salomatligingizga alohida e’tiborda bo‘ling, chunki yanvar oyida surunkali kasalliklar avj olishi mumkin. Nima bo‘lganda ham umidsizlikka tushmang, to‘n­g‘iz hushchaqchaq kayfiyat, dadil harakat orqali orzu-istaklarni ro‘yobga chiqarishi begumon.

Yangi yilda insonlar kelajakka ishonch bilan qaray boshlab, yangi kun shukronaligi oshib boradi. Qobiliyatiga ishonchsizlik bilan qarovchilarning esa shiddat bilan oldinga – buyuk orzulari sari intilishi  ortadi.

To‘ng‘iz yilida shaxsiy hayot tub o‘zgarishlarga boy bo‘ladi. Turmush qurish istagida bo‘lganlar o‘z baxtini topadi. Qat’iyatsizlik va tortinchoqlikka o‘rin qolmaydi, axir his-tuy­g‘ular bunday fazilatlardan ustun-da. Yil “egasi“ buning uchun poydevor yaratsa-da, oilaning mustahkam, sevgi-muhabbatning abadiy bo‘lishi asosan har bir muchal egasining o‘ziga bog‘liq.

Yil moliyaviy tomondan muvaffaqiyatli kelsa-da, pul osmondan yog‘­maydi. Kerakli mablag‘ni topish uchun ko‘p mehnat, harakat qilmoq kerak.

To‘ng‘iz yili oila farovonligi va uy ishlari uchun faol bo‘lishga undaydi. Uyni tartibga keltirmoq, ta’mirlash, qurilishga kirishish samarali bo‘ladi.

Atrofdagilar bilan munosabat mustahkamlanadi, ayniqsa, birinchi bo‘lib murosa sari qadam tashlagan kishiga “hukmdor“ yil davomida yon bosadi. Xoh ijod, xoh san’atda bo‘lsin, har qanday yangilik olqishlanadi.

To‘ng‘iz yolg‘onni yomon ko‘radi, bir siltashda raqiblarni va yomon niyatli odamlarni har tomonga uloqtirishi mumkin. Ya’ni, uning g‘amxo‘rligini bahordanoq seza boshlaymiz. Mart quyoshi bilan birga hayotimizga moddiy bonuslar yopiriladi.

To‘ng‘iz muammolarning noan’anaviy yechimini topish tarafdori, shuning uchun ijod ahli va kreativ fikrlovchi kishilar shon-sharaf cho‘qqisiga qiynalmay chiqishadi.

Yil mehnat va vaqtichog‘likka boy bo‘lsa-da, intellektual hordiq uchun vaqt ajratishni unutmang. To‘ng‘iz bilim va saviyasini oshiradiganlarni yoqtiradi. Xullas, yangi yilda kutubxonaga yuguring va mutolaaga astoydil kirishing.

Gulnora XOLDOROVA tayyorladi.