2019 yilning birinchi yarim yilligida Samarqand viloyati YaIMda xizmatlar ulushi 36,1 foizni tashkil etdi

Xizmatlar sohasi rivojlanish tendensiyalarining statistik tahlilini solishtiradigan bo‘lsak, Samarqand viloyatida joriy yilning yanvar-iyun holatiga jami 5 542,5 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Ulardan aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 283 milliard so‘mni tashkil etib,  o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 108,6 foizni tashkil etadi. Viloyatimizda eng yuqori ko‘rsatkich moliyaviy xizmatlar bo‘lib, 702 milliard 300 million so‘mni tashkil etmoqda, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 160,7 foiz.

Bu haqda bugun Samarqand shahridagi viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda aytib o‘tildi.

Hozirgi davrda rivojlangan mamlakatlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasining YaIMdagi ulushi 65 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda. Jumladan, AQSh iqtisodiyotida yaratilgan YaIM tarkibida xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 80 foiz, Yevropa davlatlarida 70 foiz, Yaponiyada 62 foiz, Qozog‘istonda 54,2 foiz va Belarusda 48 foiz. O‘zbekistonda esa 45,1 foizni (Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 36,1 foiz) tashkil etadi.

Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirmasdan turib, respublikamizning iqtisodiy taraqqiyotini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o‘rni va ulushini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibini zamonaviy, yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o‘zgartirish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Shu jihatdan viloyatda yana o‘nlab yangi xizmat ko‘rsatish turlari tashkil etilmoqda va yil yakuni bilan tarmoqda o‘zgarishlar seziladi.