1 oktyabrdan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar Milliy geografik axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi
Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslikda aybdor shaxslarga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning, shu jumladan, yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish va ijaraga olish huquqining vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin kuchga kiradi.
Zaxirada turgan va yangi ajratilayotgan yer uchastkalariga kadastr yig‘majildi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda qishloq xo‘jaligi bo‘limining, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda – tuman (shahar) qurilish bo‘limining murojaatiga muvofiq, tuman (shahar) hokimligining buyurtmasiga asosan tayyorlanadi. Ushbu xarajatlar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida mazkur yer uchastkasiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan qoplanadi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar vujudga kelgan, biroq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lsa, ularga kadastr yig‘majildini tayyorlash hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish huquq egalarining buyurtmalariga asosan ularning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, shu jumladan, o‘rmon xo‘jaliklari, suv xo‘jaligi tashkilotlari, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, ijtimoiy muassasalarga berilgan yer uchastkalariga kadastr yig‘majildini tayyorlash hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish balansda saqlovchilarning buyurtmalariga asosan va ularning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Kadastr yig‘majildi Kadastr agentligi tomonidan shahodatlangan kadastr muhandislari hamda Kadastr agentligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida tayyorlanadi.
2020 yil 1 oktyabrdan boshlab yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali to‘plangan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.