2020 yilda COVID-19 infeksiyasi bilan qaysi davlat rahbarlari kasallandi?

2 oktyabr. AQSh prezidenti Donald Tramp va uning rafiqasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Prezident shifokori davlat rahbari va uning rafiqasi o‘zlarini yaxshi his qilayotganliklarini ta’kidladi. Ular Oq uyda qolishni va o‘sha yerda turib o‘z vazifalarini bajarishda davom etishni rejalashtirgan.

28 iyul. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib tuzalgani ma’lum qilindi. Kasallik belgilarsiz o‘tgan. 

9 iyul. Boliviyaning vaqtinchalik prezidenti Janin Anes tahlilida COVID-19 infeksiyasi aniqlandi. 28 iyul kuni u koronavirus infeksiyasini yengganini va tuzalganini e’lon qildi. Kasallik davrida u o‘zini yaxshi his qilgan. 

7 iyul. Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaruda koronavirus aniqlandi. Uch marta o‘tkazilgan tahlil unda koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatdi. 25 iyul kuni Bolsonaru tuzalganini ma’lum qildi. 

18 iyun. Qozog‘istonning birinchi prezidenti, Qozog‘iston xalqi Assambleyasi raisi Nursulton Nazarboyev koronavirus infeksiyasiga chalingani ma’lum qilindi. 2 iyul kuni uning tuzalgani haqida xabar berildi. 

17 iyun. Gonduras Prezidenti Xuan Orlando Ernandes va uning rafiqasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. 19 iyun kuni u koronavirus sababli yuzaga kelgan pnevmoniya bilan kasalxonaga yotqizildi. 2 iyul kuni u kasalxonadan tuzalib chiqdi. 

1 iyun. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va uning oilasi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganliklarini ma’lum qildi. 8 iyun kuni ularning sog‘ayganligi haqida xabar berildi. 

30 aprel. Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin koronavirus bilan kasallangani ma’lum bo‘ldi. U davolanish uchun kasalxonaga yotqizildi. 19 may kuni uning tuzalgani haqida xabar qilindi. 

27 mart. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganini e’lon qildi. U o‘zini o‘zi alohidaladi va ishlashda davom etdi. 6 aprel kuni uning salomatligi yomonlashdi, Jonson kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. 9 aprel kuni u jonlantirish bo‘limidan oddiy xonaga o‘tkazildi, salomatligi yaxshilandi. 12 aprel kuni Boris Jonson kasalxonadan tuzalib chiqdi. 

25 mart. Buyuk Britaniya shahzodasi Charlzda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. U o‘zini o‘zi alohidaladi. Uning rafiqasi Kamillada koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi. 30 mart kuni shahzodaning tuzalganligi ma’lum qilindi. 

19 mart. Monako knyazi Alber II da COVID-19 aniqlandi. 31 mart kuni uning tuzalganligi haqida ma’lum qilindi. 

12 mart. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, uning rafiqasi Sofida koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng o‘zini alohidalashga qaror qilganini e’lon qildi. Ular 29 mart kuni tuzaldi.     

Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.