2020 yilda o‘smirlar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Samarqandda o‘tkaziladi
Samarqandda qilichbozlikni rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, viloyatda sportning mazkur turini keng ommalashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, viloyatdagi sport maktablari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ta’lim muassasalari bazasida qilichbozlik seksiyalari ochish, ushbu maskanlarda zarur shart-sharoit yaratish, ularni mutaxassis va murabbiylar bilan ta’minlash, qilichbozlik bo‘yicha respublika va xalqaro musoqabalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar, xususan, imkoniyati cheklangan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi G.Saidova bilan uchrashuv chog‘ida 2020 yilda o‘smirlar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini Samarqandda o‘tkazishga kelishib olingan.
G‘.HASANOV.