2020 yildan Janubiy Koreyaliklarning soatiga eng kamida qancha pul topishlari belgilandi

Janubiy Koreyada 2020 yil uchun eng kam ish haqi miqdori 2.9 foizga oshirildi. Ayni kunga kelib eng kam ish haqi miqdori soatiga 8350 vondan 8590 von (7.3 AQSh dollari)ga oshirilgan. Bu to‘g‘rida Bandlik va mehnat vazirligi xabar bermoqda, deb yozadi Human.uz.

Koreya Respublikasida 1988 yildan boshlab eng kam ish haqi miqdori belgilab kelinmoqda. 2020 yil uchun belgilangan eng kam ish haqi oshirilish miqdoriga ko‘ra mamlakat tarixida eng past foizga oshirilgan ish haqilardan biri hisoblanadi. Misol uchun, 2018 yil uchun eng kam ish haqi 16.4 foizga, 2019 yil uchun 10.9 foizga oshirilgan edi. Hukumatning oylik ish haqlari bo‘yicha navbatdagi qarori ayni paytda Janubiy Koreyadagi kichik biznes korxonalarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi 2 yilda eng kam ish haqi miqdorining keskin oshirilishi ularning yelkalariga katta bosim yuklagan edi. Jumladan, ko‘pchilik kichik biznes sub’yektlari yuqori maosh tufayli ishchilari sonini kamaytirishga majbur bo‘lishgan, shuningdek hukumat ularni muayyan miqdordagi xodimlarga ega bo‘lishga majburlamoqda edi.

Amaldagi hukumat eng kam ish haqi miqdorini 2022 yilga qadar 10 ming vonga ko‘tarishni reja qilgan. Ekspertlarning fikricha, o‘sish bu zaylda davom etsa, hukumat ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi.