2020 yilgi “Prezident archasi” karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etiladi
- 23.12.2020 14:50
- 149
- O‘zbekiston
2020 yilgi “Prezident archasi” tadbirlari COVID-2019 virusi bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olgan holda bolalar sog‘ligini asrash maqsadida, karantin talablariga qat’iy rioya qilingan holda tashkil etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
“Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan tayyorlangan “Prezident archasi” bayram dasturi tomoshabinlarsiz O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tasvirga olinadi hamda “Bolajon”, “Yoshlar” telekanallari tomonidan uyushtiriladigan Yangi yil telemarafoni doirasida namoyish etiladi.
Bugungi kunda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, boquvchisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilishda qurbon bo‘lgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 3-15 yoshdagi farzandlari uchun 11 000 dona “Prezident sovg‘asi” hozirlanmoqda. Sovg‘alar 28-30 dekabr kunlari barcha hududlarga yetkazib beriladi.