2021 yilda avariyalar oqibatida qancha fuqaro vafot etgani aytildi

Prezident raisligida "Xavfsiz va ravon yo‘l" tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

“Bugun o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmas masalani muhokama qilamiz. Bu – yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash.

Mamlakatimizda 2021 yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlandi. Eng achinarlisi, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan 263 nafar bola halok bo‘lgani katta fojiadir”, dedi davlat rahbari.

O‘lim bilan bog‘liq avariyalar Toshkent viloyatida har 100 ming aholiga 21 ta, Jizzaxda – 16 ta, Sirdaryoda – 15 ta, Navoiy va Samarqandda – 14 tadan, Qashqadaryo va Namanganda– 13 tani tashkil etib, boshqa hududlardan ancha yuqori.

Masalan, Popdan To‘raqo‘rg‘ongacha bo‘lgan 4R-112 yo‘lining 88-kilometri, “Termiz-Dushanbe” (M-41) xalqaro yo‘lining Jarqo‘rg‘on-Denov qismi (80-kilometri), A-373-yo‘lining Yozyovon tumanidan o‘tgan 352-kilometri, Samarqand-G‘uzor yo‘lining (A-378) 85-kilometrida har yili o‘nlab odamlar halok bo‘lmoqda, deb xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi.