2021 yilda Samarqandda qancha ish o‘rni yaratiladi? Yoshlar uchun-chi?

 

 

Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shu kabi savollarga javob berildi. 

2020 yilda viloyat bo‘yicha 24 ming 686 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shundan 17 763 ta ish o‘rinlariga yoshlar joylashdi. Jumladan, tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 5 ta loyihada 238 ta ish o‘rni yaratilib, ularning 94 nafari yosh, hududiy investitsiya loyihalari bo‘yicha esa 10 ming 354 ta ish o‘rnidan 4 ming 114 tasiga uyushmagan yoshlar jalb etildi. Shuningdek, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga 92 ta loyihada yangi tashkil etilgan 850 ta ish o‘rnidan 334 tasiga yoshlar qabul qilindi. Yangi kichik korxona va mikrofirmalardagi 14 ming 764 ta ish o‘rnining 5 ming 870 tasida yoshlar ish boshladi.

- 2021 yilda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 35 ming 878 ta ish o‘rni tashkil etishni rejalashtirganmiz, - deydi I.Jabborov. - Shundan yoshlar uchun 18 ming 804 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, birgina tarmoq investitsiya bo‘yicha 5 ta loyihalarni amalga oshirish hisobiga 908 ta ish o‘rni yaratilib, ularning 50 foizini esa yoshlar egallaydi. 

Anjumanda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida davlat jamg‘armalari va tijorat banklari tomonidan 2021 yil davomida shahar va tumanlarga ajratiladigan mablag‘lar to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tildi. Joriy yilda shahar va tumanlarga yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida turli jamg‘armalar tomonidan 38 milliard 846 million so‘m ajratiladi. Jamoat ishlari jamg‘armasidan 20 milliard so‘m, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarni shaxsiy tomorqasida band qilish maqsadida issiqxona qurish, suv nasosi, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilishlari uchun 4,3 milliard so‘m, ishsizlarni qayta kasb-hunarga o‘qitish uchun esa 5,9 milliard so‘m, xotin-qizlar tadbirkorligi yo‘nalishida 1 milliard so‘m foizsiz kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilgan.

2021 yilda viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda bittadan, Kattaqo‘rg‘on tumanida 2 ta “Yoshlar kichik sanoat zonasi” tashkil etish rejalashtirilgan.

Dilmurod To‘xtayev.