Tadbirkorga sotilgan ob’yekt nazoratda ushlab turiladigan mulk emas

Joriy yilning 20-avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan “Ochiq muloqot”ida ko‘plab tadbirkorlar ishlab chiqarish maydonlari tashkil etish uchun yer maydonlari yo‘qligi tufayli yangi loyihalarni amalga oshira olmayotganligi ta’kidlangandi. Biroq ayrim tadbirkorlar auksion orqali yer sotib olgach, unga shaxsiy mulk sifatida qarab, qarovsiz holatga tashlab qo‘yayotgani ham uchramoqda.

Viloyatda xususiylashtirish dasturlariga asosan, 2023-yilda 53 ta, 2024-yilning birinchi choragida 19 ta bo‘sh turgan davlat mulki obektlari auksion orqali sotilgan. O‘rganish jarayonida ushbu obektlarning 57 tasi foydalanilmasdan bo‘sh turganligi aniqlandi.

Xususan, Samarqand shahrida 9 ta, Past Darg‘omda 8 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 7 ta, Oqdaryo va Payariqda 5 tadan, Ishtixon va Narpayda 4 tadan, Urgut va Paxtachida 3 tadan, Jomboy, Bulung‘ur tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida 2 tadan, Nurobod, Samarqand va Toyloq tumanlarida 1 tadan obektdan foydalanilmayapti.

Misol uchun, Jomboy tumani Tut mahallasida joylashgan parrandachilik fermasi va yordamchi xo‘jalik binosi “SYNTHESIS METHANE INVEST” MChJga 1 milliard 393 million so‘mga, Nurobod tumani Amir Temur mahallasida bo‘sh turgan bino va inshootlar 144,6 million so‘mga, Toyloq tumani Tepaqishloq mahallasidagi bo‘sh turgan choyxona binosi 114,5 million so‘mga, Payariq tumani Madaniyat mahallasida bo‘sh turgan bino 298,3 million so‘mga sotilgan. Biroq  bugunga qadar ushbu obektlar qarovsiz holatda qoldirilgan, ulardan samarali foydalaniilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qaroriga muvofiq, viloyatda 2023-yil boshidan 2024-yil 1-aprelga qadar auksion savdolarida umumiy maydoni 211,4 gektar bo‘lgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 1663 ta bo‘sh turgan yer uchastkasi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida sotilgan. Shundan, 1596 ta obektdan foydalanilmayapti, 1262 tasida esa qurilish ishlari umuman boshlanmagan.

Payariq tumani Xalqobod mahallasi hududida tikuvchilik korxonasi tashkil etish maqsadida fuqaro M.M. tomonidan sotib olingan 3 gektar yer maydoni, Nurobod tumani Mehnatkash mahallasida qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida fuqaro Sh.A. tomonidan sotib olingan 1,1 gektar yer maydoni hamon foydalanilmasdan qolmoqda.

Investitsiya majburiyatlari bilan 2016-2020-yillarda “nol” qiymatda sotilgan davlat mulki obektlarini xususiylashtirish dasturlariga asosan, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish shartlari bilan 70 ta bo‘sh turgan davlat mulki obekti sotilgan. O‘rganish jarayonida 18 ta yoki sotilgan obektlarning 26 foizi bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmayotgani aniqlandi.

Bo‘sh turgan bino va yer maydonlaridan unumli foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yuritish aholi daromadini oshirish, bandligini ta’minlash, qo‘shilgan qiymat solig‘i yaratish degani. Yer, bino va inshootni sotib olishda ana shu masalalar hisobga olinganmi yoki avval boshidan boshqa maqsad ko‘zlanganmi?

Salohiddin SULTONOV,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.