Rag‘bat kuch berdi
Bu yilgi O‘qituvchi va murabbiylar kuni hayotimda o‘chmas iz qoldirdi. Prezidentimizning farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Bu unvon nafaqat menga, balki samarqandlik barcha pedagoglarga berilgan yuksak baho, deb bilaman.
Chunki keyingi yillar davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi, xalqparvarligi, ayniqsa, ziyolilarga alohida e’tibori tufayli o‘qituvchining maqomi oshdi, pedagogning huquq va majburiyatlari yuqori darajada kafolatlandi. Ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi.
Ziyoli kishi uchun xalqning, davlat rahbarining e’tirofidan-da yuksak mukofot bo‘lmasa kerak. Har yili kasb bayrami arafasida davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan yuzlab pedagoglar bu gaplarimga qo‘shilishiga ishonaman.
Ellik yillik pedagogik faoliyatim davomida katta tajriba orttirdim. Mamlakatimizning siyosiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan fuqaro sifatida aytishim mumkinki, muallim va ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ahamiyati ilgari bugungichalik bo‘lmagan.
Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlangan mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi islohotlar samarasiga oid raqamlarning o‘zi bu fikrimni isbotlaydi:
“Bugungi kunda o‘qituvchilarning ish haqi 2016-yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 marta, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshi esa 4,5 karra o‘sdi, oktyabr oyidan pedagog xodimlarning ish haqi yana 15 foizga oshirildi.
Qisqa muddatda yurtimizda 135 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularning umumiy soni 211 taga yetkazildi, tizimda qamrov darajasi 4 barobardan ziyod oshib, 9 foizdan 38 foizga yetdi”.
Birgina viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 16 taga yetdi (11 davlat, 5 ta nodavlat).
Muhimi, yurtimizda halol va fidoyi mehnat qilib, jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan har qanday kasb egasi qadrlanmoqda. Ko‘rsatilayotgan bunday hurmat-ye’tiborga loyiq bo‘lish, yanada jonbozlik ko‘rsatish esa yurtdoshlarimiz faoliyatining bosh mezoniga aylanmoqda.
Albatta, rag‘bat insonga kuch beradi, uni yangi marralar sari ruhlantiradi. Hozir oldimizda turgan muhim vazifalarni bajarishda bizdan fidoyilik va xalqimizni rozi qilishdek vazifalar turibdi.
O‘zimdan misol, ushbu faxriy unvon menga qancha kuch-quvvat bergan bo‘lsa, yelkamga shuncha katta mas’uliyat yukladi. Endilikda avvalgidan ham ko‘proq ishlashni maqsad qilib, yosh avlodga o‘z bilim va tajribamni o‘rgatishga bor kuch va salohiyatimni sarflayman.
Suyun KARIMOV,
Samarqand davlat universitetining o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.