Davlatning qo‘llab-quvvatlashi ishonchni oshiradi
Prezidentimizning joriy yil 26-avgustda qabul qilingan "Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlar shaffof shaklga o‘tkaziladi.
Farmonda ta’kidlanishicha, parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi ta’minlanadi, byurokratiyaga chek qo‘yiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Ya’ni, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:
- har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi;
- davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;
- har yili hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish bo‘yicha dastur qabul qiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirilmoqda. 2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga qisqartirilyapti.
Homiy tashkilotlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amaldagi 15 million so‘mdan 34 million so‘mgacha (BHMning 100 baravari) oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish jarayonida shaffoflik, davlatning fuqarolik jamiyati institutlariga nisbatan olib borayotgan siyosati, mablag‘larni taqsimlash, grantlar va boshqa resurslarga oid ma’lumotlarning ochiqligi muhim ahamiyatga ega.
Shu bois 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan birgalikda fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan, asosiy imkoniyatlarni nazarda tutuvchi yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Platformaga ko‘ra, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik tanlovlar yo‘nalishlarini shakllantirish hamda ularning muhokamasida bevosita ishtirok etadi. Tanlovlarda ishtirok etish uchun loyihalarni topshirish va davlat subsidiyasini olish uchun buyurtmalarni yuborish, ularni ko‘rib chiqish va baholash jarayonlari kuzatib boriladi. Tanlov ishtirokchilaridan talab etiladigan hujjatlar davlat organlarining ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish orqali onlayn qabul qilinadi.
Bu esa davlat tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga shaffoflikni ta’minlash, grant tanlovlarida ishtirok etish, mablag‘larning samarali taqsimlanishida qo‘l keladi. Qolaversa, davlatning fuqarolik jamiyati institutlari bilan bo‘lgan munosabatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlaydi, mas’uliyatni oshiradi, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun resurslarga erishish imkoniyatini yaratadi.
Umuman olganda, fuqarolik jamiyati institutlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanganda shaffoflik prinsipi har ikki tomon uchun ham manfaatli. Bu nafaqat ishonchni oshiradi, balki samarali hamkorlikka asos bo‘ladi.
Fotih RAHMATOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.