2022 yilda O‘zbekistonda aholi qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi
Bu haqda Samarqand viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi.
Ta’kidlanishicha, aholini ro‘yxatdan o‘tkazish uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu davr ichida aholini ro‘yxatdan o‘tkazish qonun-qoidalari ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqich 10 kundan 60 kungacha belgilangan bo‘lib, bunda respublikamiz aholisi ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Uchinchi bosqich ikki yildan uch yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish tadbirining birlamchi materiallari ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi, aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanadi, birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish ishlari amalga oshiriladi.
Shunisi e’tiborliki, chet elga o‘qish, ish bilan chiqib ketgan fuqarolar va ularning xorijda tug‘ilgan farzandlari ham ro‘yxatga kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda amalga oshirilgan. 2022 yildagi aholini ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin birinchi marta amalga oshiriladi.