2023 yil sud tizimi islohotlari bilan boshlandi: O‘zgarishlar qaysi jihatlari bilan e’tiborli?
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida Prezidentning 2023 yil 16 yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Bu hujjatda sud tizimini keskin isloh qiluvchi o‘zgarishlar mustahkamlangan.
Mazkur Farmon bilan aholining odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish maqsadida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi hamda ushbu Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.
Strategiya doirasida odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish qayd etildi.
Qolaversa, fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda. Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining ovoragarchiligining oldi olinadi.
Endilikda birinchi instansiya sudining qaror yoki hukmidan norozi taraflar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga apellyasiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, natijasidan ham qoniqmagan taqdirda, adolat qaror topmadi, deb hisoblasa ish mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish, yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish vakolatini berish belgilanmoqda.
Mazkur amaliyotni joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad fuqarolar uchun qabul qilingan sud qarorlarini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratishdir.
Ushbu tartibni amaliyotga joriy etish orqali fuqarolarning sudlarda ortiqcha sarson bo‘lishini oldini olish bilan bir qatorda, fuqarolar va tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga erishiladi.
Adham Abdiyev,
Samarqand viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudya katta yordamchisi.