2024 yil samarqandlik yoshlar hayotida qanday iz qoldirdi?
2024 yil «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilingach, ilm olishga, tadbirkorlikka qiziquvchi yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada viloyatimizda ham qator ishlar amalga oshirildi. Viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Boboyev bilan suhbatimiz shu mavzu doirasida bo‘ldi.
- O‘tayotgan yil samarqandlik yoshlar hayotida qanday iz qoldiryapti? E’tiborga molik bo‘lgan qanday yutuqlarga erishildi?
- Keyingi yillarda mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan har qanday tanlov va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar orasida samarqandliklarning bo‘lishi quvonarli hol, albatta. Bunga juda ko‘p misollar keltirishimiz mumkin. Jomboy tumanida yashovchi Nargiza Muhammadiyeva bu yilgi «Yosh kitobxon» tanlovi respublika final bosqichida 10-14 yoshlilar orasida birinchilikni qo‘lga kiritdi. Unga Prezident sovg‘asi «Cobalt» avtomobili berildi. 2023 yilgi mavsumda 15-19 yosh toifasida 1-o‘rinni Marhabo Mahkamtosheva egallab, "Spark" sohibasi bo‘lgan edi. Nafaqat respublika, balki xalqaro tanlovlarda ham yoshlarimiz faol. Aynan 2024 yilda Fransiyada o‘tkazilgan olimpiadada chempion bo‘lgan Diyora Keldiyorova samarqand farzandi ekanligi bilan faxrlanamiz.
Yil nomidan kelib chiqqan holda yoshlarni, xususan, tadbirkorlikka qiziqqan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Yil avvalida xatlov o‘tkazildi va 14 ming 418 nafar yosh alohida ko‘makka muhtojligi aniqlandi. Ularga viloyat va tuman tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan 735 nafar rahbar biriktirilib, ularning muammolariga yechim izlandi. 335 ming 57 nafar yosh otaliqqa olinib, huquq-tartibot organlarining 1513 nafar xodimi tomonidan ko‘mak ko‘rsatildi. Yoshlar orasidanhunarmandlikka, tadbirkorlikka qiziquvchilarini aniqlab, ularga biznes-reja tuzishda, kreditlar ajratilishida alohida ko‘mak ko‘rsatildi. Bu ishlar amalga oshirilishi jarayoni bo‘yicha maxsus shtab tashkil etilib, ishchi guruh monitoring qilib borildi. Har bir shahar va tuman kesimida olib borilayotgan ishlar qoniqarli yoki sustligi viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda muhokama etilib, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbar xodimlarga nisbatan choralar ko‘rildi.
- Davlat dasturida 2024 yil 1 martdan “Har bir mahallada ikki nafar dasturchi” loyihasi joriy etilishi va ularga chet tillarni o‘rgatish masalasi qo‘yilgandi. Bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?
- Viloyatimizdagi mavjud 1126 mahallada faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari ko‘magida axborot texnologiyalari va chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yuqori 3 ming 200 nafardan ziyod yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunda ular zamonaviy usullarda, ya’ni “Ustoz AI”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” “Qizlar akademiyasi” va boshqa shu kabi platformalar yordamida hamda biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan o‘quv markazlari ko‘magida o‘qitilyapti. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2024 yilda yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va ularga til o‘rgatish markazlari 2 mingga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkich bilan viloyatimiz respublikada ikkinchi o‘rinda.
O‘tayotgan yilda xalqaro imtihon tizimlarida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha yuqori ball olgan samarqandlik yoshlarning imtihon xarajatlarini qoplab berish borasida qanday ishlar qilindi?
- Mamlakatimizda bilimli yoshlar uchun ko‘pgina qulay imkoniyatlar yaratilgan. Shulardan biri chet tilini bilish darajasi yuqori bo‘lgan yigit-qizlarning xalqaro imtihon xarajatlari “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan qoplab berilishidir. Masalan, 7 balldan yuqori natija bilan IELTS sertifikatini qo‘lga kiritadigan yoshning imtihon xarajatlarini uning ota-onasi o‘ylab o‘tirmaydi. 2021 yilda ana shunday yuqori natijaga erishgan yoshlar soni 138 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 8 baravarga oshib, 1022 nafar samarqandlik yoshning imtihon xarajatlari uchun aynan “Yoshlar jamg‘armasi” hisobidan 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi.
- Yil Davlat dasturida “Yosh tadbirkor” tanlovi tashkil etilishi kerak edi. Tanlov qanday natija berdi?
- Bu yil Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar jamg‘armasi” va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Yosh tadbirkor” tanlovi tashkil etilmoqda. Ilk bor tashkil etilgan mazkur tanlovning shahar va tuman bosqichlariga 1320 nafar yosh qamrab olindi. Birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 109 nafar yosh viloyat bosqichida qatnashdi. Yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan 5 nafar yigit-qiz esa tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Tanlovning mamlakat bosqichi g‘olibi bo‘lgan yoshlar o‘zlari taqdim etgan loyihalarni amalga oshiradi. Bu borada biz, tanlov tashkilotchilari ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
- 2025 yilgi rejalar qanday?
- O‘tayotgan yilda erishilgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgani bor gap. Qancha ulkan bo‘lmasin, yutuqlarimiz bilan qoniqib qolmasdan, kelgusi yilda bundan-da yuqori natijalarga erishishga intilamiz. Asosiysi, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish jarayonini jadallashtiramiz. Chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytiramiz. Yoshlar orasida ortib borayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish choralarini kuchaytiramiz.
Feruza MAMATQULOVA suhbatlashdi.