2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab quvvatlash yili: Tadbirkorlikka qo‘l urgan yoshlarni ilm birlashtiradi
Bugun ijtimoiy tarmoqlar pul topish, biznes qilish kabi postlar bilan to‘lib-toshgan. Lekin savollar tug‘iladi: Biznes nima? U bilan shug‘ullanish uchun nima qilish kerak? Biznes uchun o‘qish shartmi? U faqat tavakkalchilikka asoslanganmi?
Tan olib aytish kerak, tadbirkorlik bugun muhim sohalardan biriga aylandi. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan biz kabi yosh avlod bu yo‘nalishga kirib, muvaffaqiyatga erishayotganini ko‘rish kishida faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar inson bilimli bo‘lsa yutadi. Universitetimizda talabalar orasida o‘z mutaxassisliklaridan tashqari tadbirkorlikka, sportga yoki biror hunarni o‘rganishga qiziqishi bo‘lgan yigit-qizlar uchun imkoniyatlar yaratilgan. Undan unumli foydalanayotgan yoshlar qator yutuqlarga erishib kelyapti.
Xususan, universitetning psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti bitiruvchisi Xurshida Rahmonova nodavlat ta’lim tashkiloti asoschisi hisoblanadi. Muassasada 100 nafar bolaga maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim berib kelinmokda. Ahamiyatlisi, bu yosh tadbirkor 12 kishini ish bilan ta’minladi. Bitiruvchilarimiz orasida X.Rahmonova kabi ishbilarmonlar talaygina. Har qaysisi bir-biri bilan hamkor, hamfikr. Ularni birlashtirib turadigan yagona vosita, albatta, ilmdir.
Talabalarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti koordinatorlari bilan birga turli so‘rovnoma va viktorinalar o‘tkazib, unda g‘olib bo‘lgan yigit-qizlarga kitoblar sovg‘a qilish an’anaga aylandi.
Universitetning filologiya fakulteti talabalaridan iborat bo‘lgan «Behbudiy izdoshlari» teatr jamoasi tomonidan joylarda spektakllar namoyish etilmoqda. Xususan, mazkur jamoa 2023 yilda o‘tkazilgan «Ma’rifat maydoni» respublika tanlovida ikkinchi o‘rinni egallab, 25 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Talabalarning intellektual bilimlarini oshirish uchun zakovat o‘yinlari, notiqligini shakllantirishga qaratilgan «Munozara» debat turnirlari, “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” badiiy kechalari o‘tkazilyapti. Chet tillarini o‘rganishni yanada ommalashtirish maqsadida «Speaking club», huquqiy savodxonlik va boshqa bir qator loyihalar amalga oshirilyapti.
Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabalari Toshtemir Abdurahmonov, Islom Xolmurodov hamda intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti talabasi Jahongir Temirovlar respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan "TEKNOFEST" muhandislik texnologiyalari festivalida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, pul mukofotlari va maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi. 2023 yilning 4-5 may kunlari talaba va o‘quvchilarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazida «Ilhom» mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida filologiya fakulteti talabasi Shahrizod Shodiyev g‘olib bo‘ldi.
2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab quvvatlash yilida xayrli ishlarimiz va yutuqlarimiz yanada ortishiga umid qilamiz. Buning uchun yil avvalidan harakatlar boshlanib ketdi. Universitet bitiruvchilarining aksariyati kelajakda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanishini inobatga olib, yetuk mutaxassis bo‘lishlari uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Ta’lim yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, mamlakatimizda ta’lim sifatining yaxshilanishiga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘shish istagida bo‘lgan yoshlarning ham ilmli ishbilarmon bo‘lishlariga ko‘maklashilmoqda. Universitetimizda talabalar uchun taniqli tadbirkorlar Dilshod Shukurlayev hamda Salay Matkarimov ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.
Allayor Norboyev,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti yoshlar yetakchisi.