2025 yilda viloyatda 132 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi
Bular - 11 ta davlat, 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 113 ta oilaviy nodavlat asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Natijada qo‘shimcha 11 ming 761 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 3,5 foizga oshgan.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi past bo‘lgan olis hududlarda, jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 ta, 70-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 ta hamda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 104-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3 ta, 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3 ta, jami 10 ta guruh “Aqlvoy” loyihasi doirasida tashkil etildi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. - Shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 2 ta "ISUZU" avtobusi negizida 174 nafar bog‘cha yoshidagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida viloyatdagi 763 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga umumiy qiymati 8 mlrd 150 mln so‘m bo‘lgan 763 ta o‘yin maydonchasi hamda tayyorlov guruhlari uchun stol-stullar yetkazib berilgan.
Bundan tashqari, viloyatda faoliyat yuritayotgan 740 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishi bosqichma-bosqich autsorsing usulida yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda ta’kidlanishicha, har bir davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida inklyuziv guruh xonalari tashkil etilib, ijtimoiy himoya organlari tomonidan berilgan yo‘llanmalar asosida bolalar qabul qilinmoqda.
Toyloq ilk rivojlanish markazi tajribasi asosida Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida ilk rivojlanish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 1500 o‘rin yaratilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda YuNISEF bilan hamkorlikda o‘yinga asoslangan “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida 4 ta yangidan jihozlangan xonalar foydalanishga topshirilgan.
2025 yil yanvar oyidan boshlab 34 ta tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Metodik mahorat kuni”, 730 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat soati” tadbirlari tashkil etilgan.
Matbuot anjumanida ko‘rik-tanlovlarda yutuqlarni qo‘lga kiritgan bog‘chalar ham e’tirof etildi. Masalan, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahridagi 122-son va Ishtixon tumanidagi 5-son maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. “Tabiat bolalar nigohida” rasmlar tanlovining respublika bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Kattaqo‘rg‘on tumani 31-son DMTT tarbiyalanuvchisi Ulug‘bek Akbarov, qiz bolalar o‘rtasida esa Samarqand tumani 2-son DMTT tarbiyalanuvchisi Zilola Sultonmurodova faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan.