2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomani taqdim etdi.
Mazkur Murojaatnoma avvalida davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, so‘nggi to‘qqiz yilda el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoya kengaydi, qonun ustuvorligi mustahkamlandi. Eng muhimi, islohotlar samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qildi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz qiyofasi, xususan, aholi turmush darajasi so‘nggi yillarda sezilarli darajada yaxshilandi.
Aytish kerakki, joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.
Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqi davomida millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya borligi, u ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaati ekanligini alohida ta’kidladi.
– Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, – dedi Prezidentimiz.
2026 yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi.
- Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi. Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish. Shuning uchun kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish.
Davlatimiz rahbari uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtaldi.
Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettiriladi.
2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi.
Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi.
– Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yangi yilda yanada yuksalishi, barcha sohalar zamonaviy yondoshuv asosida yanada rivojlantirilishi aholi orasida ertangi kunga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini yanda mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining yuksak marralarga eltuvchi ezgu g‘oyalari, uzoqqa mo‘ljallangan, samarali, strategik islohotlari O‘zXDPning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalariga hamohangligi bizni yanada quvontirmoqda.

Badriddin Nasriyev,
XDP Samarqand viloyati kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati.