2040 yilda insoniyat suv tanqisligiga uchraydi(mi?)

Suv dunyodagi eng muhim tabiiy resurslardan biri. Ammo suv manbalari ham abadiy emas.

Tahlillarga ko‘ra, 2040 yilga kelib, dunyoning 33 davlati yuqori darajada suv tanqisligi muammosiga uchrashi mumkin. Bular orasida Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi, jumladan, O‘zbekiston ham bo‘lishi mumkin. Shu bois suvni tejash, undan oqilona foydalanish qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha qator nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 525 ta suvga oid qonunbuzilish holatlari aniqlandi. 282 holatda maydonni ko‘llatish, 97 holatda suvni zovurga tashlab qo‘yish, 35 holatda suvdan shartnomasiz foydalanish, 13 holatda suvdan maqsadsiz foydalanish kabi qonunbuzilishlar aniqlanib, ularni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Yana nazorat tadbirlari davomida 55 ta gidroinshoot va nasos agregatlari ta’mirlandi, 21,55 kilometr masofadagi xo‘jalik ichki ariq va zovurlari tozalandi.

Shuningdek inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 2020 yil hosili uchun 101 ming 230 gektar sug‘oriladigan yerga ekilgan boshoqli don ekinlarini sifatli sug‘orish, suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.