21 milliondan ortiq fuqaro bevosita O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan

Bunday katta mas’uliyatli va xalqaro ahamiyatga ega saylov jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazishda katta jamoa ishtirok etadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta okrug saylov komissiyalari tomonidan 10760 ta saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi. Unda jami 142 044 nafar fuqaro komissiya a’zosi sifatida ishtirok etadi. Shundan, 68314 nafari xalq ta’limi tizimi, 1865 nafari oliy ta’lim tizimi, 22229 nafari boshqa davlat idoralari vakillari, 22750 nafari o‘zini-o‘zini boshqarish organlari, 20561 kishi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, 6325 nafarini vaqtincha ishsiz fuqarolar tashkil etadi.

Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolarining 102 nafari va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 65974 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovda uchastka saylov komissiyalari tarkibida 54361 nafar ayol ishtirok etgan edi.

Saylov komissiyalari tarkibiga ijtimoiy faol nogironligi bo‘lgan shaxslarni  kiritish va ularning saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Natijada, Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida 14 nafar, uchastka saylov komissiyalari tarkibida 1046 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Har qanday saylov davlatning nafaqat saylovga oid xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi, balki inson huquqlari bilan bog‘liq o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini ham xalqaro jamoatchilikka namoyon qiladi. Bugun mamlkatimiz inson huquqlariga daxldor bo‘lgan 80 dan ortiq xalqaro shartnomalarning a’zosi hisoblanadi.

O‘zbekiston BMT organlari oldida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya, Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalarning ijrosi bo‘yicha davriy hisobotlar taqdim etib boradi. Shuning uchun ham saylovlar xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlar tomonidan kuzatib boriladi.

Saylov kodeksining 33-moddasi talabiga ko‘ra, kuzatuvchilar saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish, saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish, ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish, saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish, agar tegishli saylov uchastkasida ushbu Kodeksning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilish kabi huquqlarga ega.

Xalqaro kuzatuvchilar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylov jarayonini kuzatish xohishi to‘g‘risida okrug saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolganda xabar berishi lozim. Okrug saylov komissiyasi kuzatuvchilar ro‘yxatini tegishli uchastka saylov komissiyasiga yetkazadi va muassasa rahbariyati tomonidan kuzatuvchilarning bu obektlarga kirib chiqishi ta’minlanadi.

Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 67-bandida saylov kuni ovoz berish vaqtida uchastka saylov komissiyasi binosida hozir bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifasi belgilangan. Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta indikatorlar ishlab chiqildi. Ya’ni, tegishli uchastka saylov komissiyasi, tegishli okrug saylov komissiyasi, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, saylov uchastkasidagi saylovchilar ro‘yxati bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etuvchi saylovchilar, saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha respublika trenerlari, hududiy trenerlar saylov jarayonlarida ishtirok etishlari mumkin.

Bugungi kunda xorijiy tajriba va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida har bir tuman va shahardagi bittadan namunaviy saylov uchastkalarida, ya’ni 207 ta tuman va shaharlarda jami 414 ta kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bu butun respublikada bo‘lib o‘tayotgan saylov jarayonlarini bir joydan turib kuzatish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, saylov jarayonlarini kuzatish saylovlarning qonun doirasida, ochiq va oshkora tashkil etish, milliy qonunchilik asoslari va xalqaro normalarni to‘g‘ri qo‘llash, asosiysi, fuqarolarning o‘z ovozlarini berish va saylov natijalarining haqqoniy bo‘lishi hamda tanlagan nomzodlari yutug‘idan bahramand bo‘lish, kelajakni to‘g‘ri tanlash imkonini yaratadi.

Gulnora XUDOYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.