22 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi

Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitov Samarqand shahrida fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabul o‘tkazdi. Tadbirda shuningdek, Samarqand shahar sudlari sudyalari ham ishtirok etishdi. Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Dastlab, yig‘ilganlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda viloyat sudi raisi Olim Hayitov yig‘ilganlarga bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati haqida tushuncha berishdi.

Shundan so‘ng, sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulda 40 ga yaqin murojaatlar bo‘ldi. Shundan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Sababi, sud-huquq masalalaridagi murojaatlar hal etilishi aksariyat hollarda vaqt va jarayon talab qiladi. 

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 34 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. 

Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha sayyor sud tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi. Murojaat qilganlarning 12 nafarining jazosi yengilroq jazoga almashtirildi. 22 nafar mahkumlarning murojaati sayyor sudda batafsil o‘rganib chiqilib, jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.

Jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod qilinganlarga tushuntirish berildi. Davlatimizning insonparvarligi asosida tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga katta imkoniyat berildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib sog‘lom turmush tarzida yashash lozim, biroq kimdir yana qing‘ir yo‘ldan ketsa albatta yana panjara ortida qaytariladi, deya xabar bermoqda viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.