24 mart - Butunjahon silga qarshi kurashish kuni

Samarqand viloyati aholisiga jami bitta markaz va silga qarshi kurashish dispanseri, 14 ta silga qarshi kurashish bo‘limlari va sil kasalligiga ixtisoslashgan 270 o‘rinli bolalar sihatgohi xizmat ko‘rsatadi.

Aholi orasida sil infeksiyasi bilan zararlangan shaxslarni aniqlab, xavfli guruhga mansub aholi o‘rtasida bir yilda bir marotaba profilaktik tibbiy ko‘rik o‘tkazish maqsadida ro‘yxat shakllantirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari  tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida  2021 yilda sil kasalligining oldini olish, erta aniqlash hamda aniqlangan bemorlarni davolash samaradorligini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish rejasi tuzildi. Ushbu rejaga ko‘ra joylardagi ftiziatrlar bilan xamkorlikda profilaktik tibbiy ko‘riklarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi aholi o‘rtasidagi 1-14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda sil kasalligining oldini olish va erta aniqlash maqsadida immunodiagnostika (tuberkulin va diasken sinamalari) usullarini samarali o‘tkazish maqsadida viloyatning shahar va tumanlar kesimida faoliyat ko‘rsatayotgan hamshiralarni 2021 yil mart oyida rejali ravishda viloyat silga qarshi kurashish bazasida immunodiagnostika usullarini amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha muddatli o‘qishni tashkil etish rejasi ko‘zda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi 696-sonli qarori ijrosini  ta’minlashda viloyatning shahar va tumanlar aholisi orasida birlamchi tibbiy tekshiruvlarni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan ftiziatrlar tomonidan dastlabki tibbiy tekshiruvlar: umumiy qon tahlili, umumiy siydik tahlili va patalogik organ (ko‘krak qafasi)ni nurli diagnostika tahlillari asosida standart yo‘llanma rasmiylashtirilib, bemorni viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markaziga yuborilishi tashkil etildi.

Shuningdek, viloyatning 37 va 38-sonli kolonna muassasalarida jazoni ijro etuvchi mahkumlarni sil kasalligiga doir tibbiy tekshiruv o‘tkazishda markazimiz tibbiyot xodimlaridan alohida malakali mutaxassis ajratilib kelinmoqda.

Viloyat aholisi orasida yuqori nafas yo‘llari va o‘pkadagi nospetsifik kasalliklarni diagnostika va davolashda tibbiy xizmatni tashkil etish bo‘yicha 2021 yildan viloyat markazida tarkibida 60 o‘rinli alohida pulmonologiya bo‘limi tashkil etildi.

Abduvali Ashurov,

viloyat ftiziatriya va pulmonologiya

markazi bo‘lim mudiri.