24 mingga yaqin saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.

Komissiya raisi F.Toshev boshqargan yig‘ilishda okrug hududidagi uchastkalarda muddatidan oldin ovoz berish jarayonining borishi hamda saylovga tayyorgarlik bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 13 oktyabrdagi “Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyasiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Unga ko‘ra, 7-Samarqand saylov okrugida ovoz berish kuni saylov jarayoni onlayn video-translyasiya qilinadigan saylov uchastkalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Samarqand shahrida 163-saylov uchastkasi, Kattaqo‘rg‘on shahrida 206, Bulung‘ur tumanida 210, Jomboy tumanida 273, Ishtixon tumanida 317, Kattaqo‘rg‘on tumanida 379, Narpay tumanida 515, Nurobod tumanida 523, Oqdaryo tumanida 571, Payariq tumanida 615, Past Darg‘om tumanida 713, Paxtachi tumanida 799, Samarqand tumanida 867, Toyloq tumanida 936, Urgut tumanida 1007 va Qo‘shrabot tumanida 1069-saylov uchastkalaridagi jarayonlar onlayn videotranslyasiya qilinadi.

Yig‘ilishdan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazildi va unda okrug hududida saylovga tayyorgarlik va shu kunlardagi jarayonlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda viloyatdagi 1111 ta saylov uchastkalarining barchasi saylovga tayyor. Hozirda saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda. Bu jarayon bugun soat 19.00 da yakuniga yetadi.

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanmoqda.

14 oktyabrda boshlangan muddatidan oldin ovoz berishda bugungi kungacha 23 ming 839 nafar saylovchi ishtirok etdi.

Hozirda saylov uchastkalariga saylovchilarni chaqirish uchun taklifnomalar yetkazib berilgan. Shuningdek, saylov pandemiya sharoitida o‘tayotgani inobatga olinib, bir martalik tibbiy niqob, antiseptik vositalar, komissiya a’zolari uchun himoya vositalari ajratilgan va yetkazilgan.

Har bir saylov uchastkasiga ikki nafardan tibbiyot xodimi biriktirilgan va ular saylov kuni ovoz berishga kelgan saylovchilarning isitmasini o‘lchab, salomatligini so‘rab binoga kiritadi.

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida to‘xtatiladi. Yakuniy ro‘yxatga ko‘ra, okrug hududida saylovchilarning umumiy soni 2 million 189 ming 526 nafarni, jumladan, birinchi marta saylovda qatnashuvchi yoshlar 151 ming 676 nafarni tashkil etmoqa.

Ovoz berish 24 oktyabr kuni soat 8.00 dan 20.00 ga qadar amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi, agar ro‘yxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa, ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda e’lon qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan saylov uchastkalarida saylov qutilarini soat 20.00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jarayon O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlanadi. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya a’zolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida:

ovoz berish boshlanganligini e’lon qiladi;

saylov qutilarining bo‘shligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi;

uchastkadagi ro‘yxat bo‘yicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida ma’lum qiladi.

Saylov uchastkalarida kuzatuvchilarga va ommaviyligini axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.