25 may - Xalqaro yo‘qolgan bolalar kuni
Buni ko‘pchilik bilmas, ammo har yili 25 may kuni butun dunyoda Xalqaro bedarak ketgan bolalar kuni nishonlanadi.
Yo‘qolgan bolalar muammosiga maxsus kunni bag‘ishlash g‘oyasi birinchi bo‘lib AQShda paydo bo‘lgan. 1979 yil 25 may kuni maktabdan kelayotib, olti yoshli amerikalik bola Etan Pats g‘oyib bo‘ldi va topilmadi. Oradan to‘rt yil o‘tib, AQSh prezidenti Ronald Reygan 25 mayni bedarak yo‘qolgan bolalar kuni deb e’lon qildi.
1984 yilda Qo‘shma Shtatlarda bedarak yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilinayotgan bolalar milliy markazi (NCMEC) tashkil etildi.
Amerikaning tashabbusi Yevropada qo‘llab-quvvatlandi. 1998 yilda bedarak yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalarni qidirish bo‘yicha Xalqaro Markaz (ICMEC) tashkil topdi. Shu yili dunyo bo‘ylab yo‘qolgan bolalar to‘g‘risidagi fotosurat va ko‘p tilli ma’lumotlar bazasi - Global «Missing Children Centers Network» yaratildi.
2001 yilda bedarak ketgan va ekspluatatsiya qilingan bolalarni izlash Xalqaro markazining sa’y-harakatlari tufayli 25 may ilk bor Xalqaro bedarak ketgan bolalar kuni sifatida nishonlandi.
Xalqaro yo‘qolgan bolalar kuni tadbirlarining maqsadi - bolalar o‘g‘irlanishi, qiyin hayotiy vaziyat va noqonuniy ekspluatatsiyadan himoya qilish muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdir.
Ushbu kunining ramziy belgisi – ko‘k bo‘tako‘z gullaridir.