"Bir kunda 1800 dan ortiq qo‘ng‘iroqni qabul qilamiz"

Oxiri yo‘q qo‘ng‘iroqlar har biri har qaysi kimningdir taqdirini hal qilishi mumkin. Dispetcherlarning diqqati shay, ular go‘shakning narigi tomonidagi vaziyatni aniq bilishi kerak. Shunga qarab murojaat tegishli bo‘limlarga yo‘naltiriladi, harakat boshlanadi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tashkiliy boshqarma bo‘linmalari “102” dispetcherlik xizmatida har kun shunday o‘tadi. 24/7 tartibida ishlovchi xizmat ichki ishlar idorasining butun viloyatdagi bo‘linmalari tezkor aloqa almashish tizimi bilan ta’minlangan. Unda faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar ishlaydi.

— Bir kunda 1800 dan ortiq qo‘ng‘iroqni qabul qilamiz, - deydi xizmat bog‘lig‘i, mayor Oybek Tilyavov. – Elektron murojaat telefondagi muloqot bilan bir vaqtda to‘ldirilib, mas’ul bo‘limlarga yuboriladi. Xodimlar uning mazmuniga qarab, tezkorlik zarur bo‘lsa, 10 daqiqa oralig‘ida voqea joyiga yetib borishi mumkin. Murojaat “102” tizimi orqali tegishli bo‘limga yuborilgandan keyin ham u bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni kuzatib borish mumkin. Aytaylik, mas’ul xodim ma’lum vaqt murojaat bo‘yicha chora ko‘rmasa, dispetcher u bilan telefon orqali bog‘lanib, vaziyatga aniqlik kiritadi. Hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi.

Soat 10:00. Shu vaqtgacha “102” raqamiga 272 ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Agar dispetcherlar band bo‘lib, fuqaro qo‘ng‘iroq qilib tusha olmasa, ulardan birortasi bo‘shashi bilan tizimning o‘zi fuqaroga avtomatik tarzda qayta qo‘ng‘iroq qiladi.

— Go‘shak ko‘tarilgach, dispetcher uni o‘z tashabbusi bilan o‘chirishi mumkin emas, - deydi xizmat kichik mutaxassisi, kichik serjant Ahmad Daminov. – Ba’zan bolalar ota-onasining telefonini o‘ynab, bexosdan “102”ga terib yuboradi. Go‘shakning narigi tomonida hech kim gapirmasa ham nizom bo‘yicha undan kelayotgan shovqinlarni eshitib, vaziyatni aniqlashga harakat qilamiz. Ko‘p hollarda murojaatchi qayta qilingan qo‘ng‘iroqni ko‘tarmaydi, shu bois bizda holatga to‘g‘ri baho berish va aniq ma’lumotlarni olish uchun bir yo ikki daqiqa vaqt bo‘ladi, xolos.

Tizimda muammolar ham yo‘q emas. Asosiylaridan biri maqsadsiz qilingan qo‘ng‘iroqlardir. Yosh bolalarning adashishini tushunish mumkin, biroq katta yoshlilarning ermakka yoki atay, mutaxassislar vaqtnini “o‘g‘irlash” uchun qiladigan harakatlarini tushunish qiyin. Buni kasb qilgan doimiy “murojaat”chilar ham bor ekan.

— Mana misol, bir fuqaro mashinasi o‘g‘irlanganligi haqida xabar berdi, - deydi Ahmad Daminov. – Voqea joyiga tezkor guruh yetib borganda murojaatchi spirtli ichimlik iste’mol qilganligi, uning otasi atay o‘g‘li mast holatda mashina haydamasligi uchun transportni yashirib qo‘yganligi aniq bo‘ldi. Eng qizig‘i, murojaatchining o‘zi ham buni bilgan.  Faoliyatimizda shunga o‘xshash holatlar uchrab turadi.

Ma’lumotga ko‘ra, har oltinchi qo‘ng‘iroq maqsadsiz yoki yolg‘on murojaat asosida bo‘ladi. Albatta, qonunchiligimizda yolg‘on axborot berganlik uchun jazo chorasi belgilangan. Biroq jarayonda yo‘qotilgan qimmatli vaqtni qaytarib bo‘lmaydi.

Yana bir muammo - qo‘ng‘iroq qiluvchining manzilini aniqlash imkoni yo‘qligida. Bunda dispetcher murojaatchidan uning yoki u xabar bergan qonunbuzarlik sodir etilgan joyni so‘rashi kerak. Agar fuqaro noto‘g‘ri manzilni bersa yoki umuman manzilni aytmasa, yana vaqt yo‘qotiladi.

Ayni kamchiliklar “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali bartaraf etilishi belgilangan. Oybek Tilyavovning ta’kidlashicha, ayni vaqtda viloyatimizda ham yagona xizmat faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Agar u faoliyatini boshlasa, tizim qo‘ng‘iroq egasining biometrik ma’lumotlari va joylashgan joyi haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda shakllantiradi. Shuningdek, u ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari, ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgazta’minot” AJning shoshilinch xizmatlari faoliyatini umumlashtirib, respublikaning barcha hududi bo‘yicha aholiga shoshilinch yordam ko‘rsatish faoliyatini boshqarishni ta’minlaydi.

Asqar BAROTOV.