25 yoshida xalq dostonchisi sifatida elga tanilgan Muhammad Jomurod o‘g‘li Po‘lkan Stalin qatag‘oniga uchragan

Foto: ziyouz.uz

Atoqli xalq baxshisi, o‘zbek dostonchilik maktabi asoschilaridan biri Muhammad Jomurod o‘g‘li Po‘lkan 1874 yilda hozirgi Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumaniga qarashli Qatag‘on qishlog‘ida Mulla Jomurod xonadonida tavallud topgan.

Muhammadning dostonchilikka mehr-muhabbati balandligini bilgan Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi namoyondalaridan biri, mashhur Jassoq baxshi uni o‘ziga shogirdlikka oladi va 70 dan ortiq dostonlarni o‘rgatadi: «Go‘ro‘g‘li» turkumidagi dostonlar, «Qironxon», «Orzigul», «Alpomish», «Yodgor», «Rustam» turkumi va boshqalar. Yosh Muhammad 25 yoshida xalq dostonchisi sifatida elga taniladi.

Oktyabr inqilobidan keyin, Po‘lkan shoir ko‘plab hamyurtlari kabi sovuq Sibir o‘rmonlariga mardikorlikka safarbar qilinadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Muhammadqul “Po‘lkan” taxallusini mardikorlikda yurgan paytida tanlagan. Bu jumla “polk” so‘ziga “an” qo‘shimchasi qo‘shiluvidan hosil bo‘lgan degan qarashlar bor. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra “Po‘lkan” qadimgi mo‘g‘ilchada “ulug‘”, “katta” ma’nolarini anglatadi. Baxshi shoir shu sababli bu so‘zni taxallus sifatida qabul qilgan bo‘lishi mumkin.

Po‘lkan shoirning repertuarlari mavzu va janr jihatidan turli-tuman bo‘lib, ularda o‘zbek xalqining o‘tmishidagi hayoti, urf-odatlari, intilishi va orzu-umidlari ifodalangan. «Hasan batrak» (1927) dostonida o‘zbek mehnatkashlarining yer va suv haqidagi orzu-tilaklari, bu yo‘ldagi kurashi aks etgan. Po‘lkan kuylagan an’anaviy dostonlar ham g‘oyaviy va badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi. Po‘lkan ijodi o‘zbek folklori taraqqiyotida muhim bosqich bo‘ldi.

Po‘lkan shoir og‘zidan o‘ttizdan oshiq doston va termalar yozib olingan. Uning o‘zi esa yangi joriy qilingan kirill imlosini yaxshi bilmagani uchun savodsiz deb hisoblangan. Aslida Po‘lkan xatirchilik shayxdan Qur’oni Karimni o‘rgangan hamda islom dinini va falsafasini yaxshi bilgan ilmli kishi bo‘lgan.

Sobiq sho‘ro zamonida Po‘lkan shoirning sovet tuzumini madh etuvchi asarlari qayta-qayta chop etilgan, uning o‘zi esa 1942 yilda Stalin qatag‘oniga uchrab, Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga qamalgandan so‘ng, oradan ko‘p vaqt o‘tmay sil kasalligidan vafot etgan.