25 yoshli juvon qarindoshlarining uyidan 40 ming AQSh dollari va tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlash uchun bosqinchi yolladi
Samarqandda viloyat davlat xavfsizligi xizmati va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari sodir etilishi mumkin bo‘lgan o‘ta og‘ir jinoyatning oldini oldi, deb xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.
Joriy yilning 28 sentyabr kuni Samarqand shahar Sartepa maskanida yashovchi 25 yoshli B. ismli ayol bosqinchilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida buvisi va tog‘asining uyida 40 ming AQSh dollari va 6-7 turdagi, taxminiy bahosi 10 ming AQSh dollariga teng tilla taqinchoqlar borligini aytib, o‘zining tanishi A. ga bu uyga bosqinchilik qilishga buyurtma qilgan.
Agarda buvisi va tog‘asining yashash uyidan pul va qimmatbaho boyliklarni olib chiqsa, ishni tugatganidan so‘ng unga jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pullardan 10 ming AQSh dollari berishni va’da qilgan.
“Yollanma bosqinchi”ga uyni ichki tuzilishini chizib berib, o‘zi bilan birga buvisining manziliga olib borgan va uzoqdan uyning kirish darvozasini ko‘rsatib, kelgusida sodir etish kerak bo‘lgan o‘ta og‘ir turdagi jinoiy rejani tuzgan.
Holat to‘g‘risida olingan tezkor ma’lumotga ko‘ra, B. ismli ayol buvisi bilan o‘zining oilasi o‘rtasida kelishmovchilik borligi sababli pullar va qimmatbaho buyumlarni qo‘lga kiritish orqali undan qasd olishni ko‘zlagan va shu maqsadda ushbu bosqinchilikni tashkil etgan. 2020 yil 3 oktyabr kuni DXX viloyat boshqarmasi va Samarqand shahar IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, B. ismli yollanma bosqinchi bilan takroriy uchrashgan vaqtida qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.