26-sonli maktabda ham bayramga pul yig‘ilgani rad etildi

Joriy yilning 5 mart kuni SamTVR ijtimoiy tarmog‘ida yoritilgan Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 26-umumta’lim maktabida turli sabablar bilan pul terimlari bo‘yicha xabar berilgan edi.
Salbiy holat yuzasidan shahar xalq ta’limi bo‘limining 5 martdagi 55-b-sonli buyrug‘i asosida ishchi guruh tomonidan o‘rganish olib borilganda quyidagi aniqlandi.
Jumladan, maqolada keltirilgan vajlarni o‘rganish maqsadida o‘qituvchilardan ijtimoiy so‘ravnoma o‘tkazildi. Maktab ma’muriyati, asosiy va o‘rindosh sifatida faoliyat yuritayotgan 40 nafar pedagog xodimlardan so‘rovnomada 33 nafari ishtirok etdi.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 33 nafar ishtirokchilarning barchasi maktabda hech qanday pul yig‘imlari yo‘qligini bildirishdi.
Maqolada keltirilgan maktabda o‘qituvchilar mukofot pullariga egalik qilolmayotganligi yuzasidan noyabr oyida maktab direktorining 2019 yil 27 noyabrdagi 62-sonli buyrug‘iga asosan 14 nafar o‘qituvchilarga 19 mln.so‘m mukofot puli ajratilgan. Ushbu o‘qituvchilardan 13 nafari bilan suhbat o‘tkazildi.
Natijada, ularning barchasi mukofot pullarini o‘zlari olganligini va o‘zlarining ehtiyojlari uchun ishlatganligini tushuntirish xatlarida bildirib o‘tdi.
Xulosa o‘rnida shuni ma’lum qilish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi.