27 iyun - Matbuot va OAV xodimlari kuni

Siz suratda ko‘rib turgan ikki taniqli ijodkor, matbuotimiz fidoyilari, birinchi darajali mehnat faxriylari - “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Sharof Ubaydullayev (chapda) va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulov garchi yoshlarida ozroq farq bo‘lsa-da, oltmish yildan ziyod umrlarini o‘zbek milliy jurnalistikasi rivojiga bag‘ishlagan insonlardir.

Ular 1963 yilda “Zarafshon” gazetasida uchrashganlar. Sh.Ubaydullayev Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakulteti talabasi sifatida amaliyot o‘tagani kelgan, Obloqul aka esa tahririyatda mas’ul kotib o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Yillar o‘tdi. Sharof akaning umri poytaxtdagi OAV dargohlariga bog‘landi. Obloqul aka ham o‘sha yildan buyon O‘zbekiston radiosining viloyatdagi muxbiri bo‘lib ishladi. Ikkala taqdirning yana bir uyg‘unligi shundaki, ular o‘shandan buyon “Zarafshon” bilan aloqani uzishgani yo‘q: o‘qib turishadi, yozib turishadi, kelib turishadi.

Bugun Sh.Ubaydullayev O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari. O.Usmonqulov esa shu jamg‘arma viloyat bo‘limining faoli, “Zarafshon”ning doimiy muallifi.