27 mart – Xalqaro teatr kuni: Sohada yutuqlar ko‘p, ammo muammolar ham oz emas
Samarqand viloyat musiqali drama teatriga 1914-yil 15-yanvarda Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» spektakli bilan tamal toshi qo‘yilgan.
110 yillik tarixga ega teatrda turli mavzu va janrlardagi tarixiy, milliy, zamonaviy va jahon klassik asarlari sahnalashtirilib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
- O‘tgan yil teatrda tashkil etilgan 120 dan ortiq spektakl namoyishiga 40 mingdan ziyod tomoshabin keldi, - deydi viloyat musiqali drama teatri direktori Iskandar Sultonov. - «Mirzo Ulug‘bek», «Aka-ukalar», «Oromijonimsan mani», «Imon», «Samarqand sayqali», «Edip», «Ko‘chki», «Samarqandnoma», «Tanho yulduz», «Padarkush», «Tazarru», «Ishq bo‘stoni», «Maysaraning ishi», «Bahodir Yalangto‘sh», «Layli va Majnun» kabi yirik asarlar sahnalashtirildi.
Joriy yil boshida «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» madaniyat va san’at milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovda viloyat musiqali drama teatrining «Layli va Majnun» spektakli «Yilning eng yaxshi spektakli» deb e’tirof etildi. Shuningdek, ushbu spektaklda Layli rolini ijro etgan teatr aktrisasi Shohsanamxon Obloqulova «Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Prezidentimizning joriy yil 5-mart kuni imzolagan farmoni bilan teatrimizning ustoz aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Jo‘raqulova «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
Keyingi yillarda teatrlarning xorijiy davlatlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalari ham ortib bormoqda. Keyingi uch yilda teatrimiz jamoasi 10 dan ortiq xalqaro gastrol safarida bo‘ldi. Spektakllarimizni jahon sahnasiga olib chiqish bilan dunyo ahliga milliy san’atimiz, tarixiy shaxslar, buyuk bobokalonlarimiz haqida ko‘proq ma’lumot berish, ularning yurtimizdagi tarixiy obidalarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, shuningdek, tajriba almashishni maqsad qilganmiz. Jumladan, joriy yilda Turkiya, Angliya, Belarus, Qozog‘iston mamlakatlariga festivallarga borish hamda Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida teatr tomoshalari namoyish etish, tanlovlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, teatrimizning 110 yilligiga bag‘ishlab «Gamlet», «Oqqush parvozi», «Odamga yordam bering yoxud osmonning egasi bor» hamda A.Chexov asarlaridan yangi spektakllar sahnalashtiramiz.
Albatta, yutuqlar bilan birga tizimda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ham yo‘q emas. Birinchidan, keyingi paytda shtatlar qisqarib ketishi natijasida teatrda menejer, marketolog, hamshira vazifasini bajaruvchilar yo‘q, lekin ularga ehtiyoj bor. Ikkinchidan, tuman va shaharlarga yoki boshqa viloyatlarga dekoratsiyalar bilan borish, tanlovlarda ishtirok etish uchun maxsus mashina berilmagan. Uchinchidan, viloyat musiqali drama teatrida cholg‘u asboblari va boshqa uskunalar yetishmaydi.
Shu kunlarda aktyorlarimiz tomonidan sahnalashtirilgan 24 ta spektakl muxlislar e’tiboriga havola etilmoqda. An’anaga ko‘ra, har yili 27-mart - Xalqaro teatr kuni dunyo bo‘yicha (World Theatre Day) «Teatr - xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va tinchlikni mustahkamlash vositasi» shiori ostida keng nishonlanadi. Bu g‘oya ilk marotaba 1961-yilda Xalqaro teatr institutining IX kongressida ilgari surilgan va dunyoning 100 dan ortiq davlati uni qo‘llab-quvvatlagan. Sana munosabati bilan 21–27-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab «Teatr tomoshalari haftaligi» o‘tkazilmoqda. Haftalik doirasida teatrimizda «Layli va Majnun», «Bo‘yoqchi», «Bir o‘lib ko‘raychi», «Tazarru», «Qirolning yangi libosi», «Teatrlashtirilgan konsert tomosha» sahna asarlari bepul namoyish etilmoqda.