30 dona o‘rta osiyo cho‘l toshbaqasi sotuvdan saqlab qolinib, tabiatga qo‘yib yuborildi
Viloyat Ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, boshqarma xodimlari tomonidan Samarqand shahri, Cho‘ponota massivi hududida nazorat tadbirlarini olib borish jarayonida noma’lum shaxslar tomonidan 30 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi bolalarini avtomagistral yo‘li bo‘yida sotib o‘tirishgani aniqlangan. Biroq huquqbuzar shaxslar holat joyidan qochib ketishgan. Qo‘lga kiritilgan 30 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi esa “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ining reabilitatsiya markaziga topshirilgan.
Kuni kecha mazkur toshbaqalarni sog‘lomligi, yashovchanligi maxsus tekshiruvlardan o‘tkazib bo‘lingach yana tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘rta osiyo cho‘l toshbaqalari soni yashash joylarining o‘zgarishi va yo‘q qilinishi tufayli uzluksiz kamayib borayotgani sabab «Qizil kitob»ga kiritilgan.
Hozirda toshbaqaning tabiiy yashashi uchun yaroqsiz va o‘zlashtirilgan hududlarning umumiy maydoni 300 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi 60 yil mobaynida xo‘jalik faoliyati yuritilishi natijasida toshbaqaning yashash joylari 1,5 million gektarga qisqarib ketgan.
O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi o‘tgan asrning birinchi yarmidan boshlab kamayishni boshlagan. Ikkinchi jahon urushi davrida O‘rta osiyo toshbaqasi go‘shtidan ko‘p miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. 1950—1960 yillarda toshbaqa, asosan, iqtisodiy ehtiyojlar uchun yig‘ilgan, biroq ochiq dashtda qishloq xo‘jaligi rivojlanishi turlarning yashash joylari va soni sezilarli darajada kamayishiga olib kelgan.
O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi zaif, himoyaga muhtoj tur sifatida Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi (TMXI)ning «Qizil ro‘yxati»ga kiritilgan. Oxirgi 18 yil davomida qonuniy va noqonuniy ravishda jami 1 254 100 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi tabiatdan olingan va eksport qilingan.
Bugungi kunga kelib mazkur turning tabiiy populyasiyasini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston «Qizil kitob»ining yangi nashriga kiritildi.
Mutasaddilarga ko‘ra, respublika bozorlari va markaziy ichki yo‘l bo‘ylarida toshbaqalar ochiq sotilmoqda. Ayniqsa bolalari. Aksariyat holatda ularni o‘yinchoq sifatida farzandiga sotib olib berishadi, keyin esa boqolmay tashlab yuborishadi.