30 yilda sportda nimaga erishdik?
O‘tgan asrning 90-yillarida viloyatimizda 3 942 ta sport inshooti mavjud bo‘lgan. Bugun esa 5654 tani tashkil etmoqda. Shu yilning o‘zida 401 ta sport inshooti (shundan 39 ta mini futbol va sun’iy qoplamali mini futbol maydonchalari) bunyod etildi.
Hozirda viloyat bo‘yicha Samarqand hamda Toyloq olimpiya zaxiralari,
4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 1 ta eshkak eshish sport maktabi, 21 ta sport maktablari, 1 ta futbol mahorat maktabi va 1 ta “Dinamo” PFK futbol maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.
30 ta sport muassasalarida sportning 48 turi bo‘yicha sport to‘garak (seksiya)lariga 28 ming nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 27 sport turi bo‘yicha to‘garaklarga 104 ming nafar yoshlar qamrab olingan.
1991 yilda viloyatda sport bilan shug‘ullanuvchilar soni umumiy aholi sonining 4,5 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilga kelib, 20 foizini tashkil etmoqda.
Samarqand viloyatida shaxmat bo‘yicha 8 nafar xalqaro grossmeyster (Tair Vohidov, Jahongir Vohidov, Ibrohim Hamroqulov, Jo‘rabek Hamroqulov, Marat Jumayev, Aleksey Barsov hamda marhum Shuhrat Safin va Alisher Anorqulov) yetishib chiqqan.
Shuningdek, 6 nafar trener “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy” unvoniga ega bo‘lgan. Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan 1361 nafar murabbiyning 62 nafari oliy toifadagi murabbiy hisoblanadi.
Oxirgi besh yilda samarqandlik sportchilar erishgan yutuqlarni sanaydigan bo‘lsak, ular respublika musobaqalarida 9 564 ta medalga ega chiqqan. Osiyo chempionatida ham munoasib qatnashib, 50 ta medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 61 ta medal jahon chempionatlarida 126 ta xalqaro sport musobaqalarida qo‘lga kiritilgan.
2021 yilning 6 oyi davomida viloyatimiz sportchilari tomonidan 1031 ta medal jamg‘arildi. Medallarning 982 tasi respublika, 34 tasi Osiyo, 15 tasi jahon chempionatida sportchilarimizga berildi.
Hozirda viloyatda sportning 72 turi bo‘yicha 11 771 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularga bir kunda 140 ming aholi, ayniqsa, yoshlar jalb etilgan.
Samarqandda eng ko‘p yakka kurash turlari - dzyudo, kurash, muaytay, boks sport turi rivojlangan bo‘lib, hozirda Toyloq, Past Darg‘om, Oqdaryo, Ishtixon, Bulung‘ur, Samarqand tumanlari va Samarqand shahrida doimiy ravishda mashg‘ulotlar olib boriladi. Samarqandlik 940 nafar sportchi sportning 58 turi bo‘yicha milliy terma jamoa safida mamlakatimiz sharafini himoya qilib kelmoqda.
Hozirda barcha shahar va tumanlarda salomatlik hamda veloyo‘laklar qurilmoqda. 39 ta mini futbol maydonchasi, 33 ta badminton, 291 ta “Workout, 38 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirildi.
Mustaqillik yillarida 1091 nafar sportchi oliy o‘quv yurtiga imtiyozli o‘qishga qabul qilindi.
Shu yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar Yaponiyaning Tokio shahrida XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi. Mazkur nufuzli musobaqada respublikamizdan 100 nafardan ortiq sportchi ishtirok etadi.
Ular orasida olimpiya o‘yinlarida 10 nafar viloyatimiz vakillari sportning 6 turi bo‘yicha hamda paralimpiya o‘yinlarida 4 nafar paralimpiyachilarimiz sportning 2 turi bo‘yicha yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ayni kunlarda bokschimiz Fanat Qahramonov, dzyudochilarimiz Davlat Bobonov, Diyora Keldiyorova, Sardor Nurillayev, Muhammadkarim Xurramov hamda akademik eshkak eshish bo‘yicha Sobirjon Safaraliyev, Ruslan Qurbonov, Roksana Xudoyorova yengil atletikaning uch xatlab sakrash yo‘nalishida, Mo‘minjon Abdullayev esa yunon-rum kurashi bo‘yicha, Kseniya Aleksandrova badiiy gimnastika bo‘yicha Tokio shahrida musobaqaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Husniddin Norbekov parayengil atletikaning yadro va disk uloqtirish yo‘nalishida va Sabinaxon Suxanova parayengil atletikaning uzunlikka sakrash yo‘nalishida ishtirok etadi. Ular hozirda Toshkent viloyatining Angren shahrida musobaqaoldi tayyorgarliklarini olib boryapti. Paradzyudochilarimiz Parvina Samandarova hamda Vasila Aliboyeva Toshkent viloyatining Bildirsoy tog‘ yon bag‘rida tajribali murabbiylari qo‘l ostida mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
Agar tarixga nazar tashlasak, 1996 yilda AQShning Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan olimpiya o‘yinlarida 7 nafar samarqandlik sportchi boks, yunon-rum kurashi, eshkak eshish, og‘ir atletika yo‘nalishida o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazgan. 2000 yilda Avstraliyaning Sidney shahrida 3 nafar sportchimiz, 2004 yil Gretsiyaning Afina shahridagi musobaqada bir nafar, 2008 yil Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan bellashuvda 2 nafar, 2012 yil Angliyaning London shahridagi musobaqada 3 nafar samarqandlik sportchilar ishtirok etgan.
2016 yil Braziliyaning Rio de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli sport bayramida paradzyudochimiz, urgutlik O‘tkirjon Negmatov oltin medalni qo‘lga kiritgan va paraalimpiya chempioni degan nomga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, yana bir parayengil atletimiz Mansur Abdurashidov bronza medali bilan taqdirlangan.
Umid qilamiz, sportchilarimiz Tokiodan g‘olib bo‘lib qaytadi va Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa tayyorlaydilar.
Shuhrat Ro‘ziyev,
viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.