33-o‘lim: Toshkentda 45 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi

Poytaxtlik Z. 45 yoshga to‘lgan edi. Unda bir necha kun davomida koronavirus infeksiyasi alomatlari sezilib, tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik kuzatilgan.

Ammo shunday bo‘lishiga qaramasdan u shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmay, uy sharoitida davolanib yurgan.

Natijada shu yilning 30 iyun kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga o‘ta og‘ir holatda, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga (erkak kishi) yurak ishemik kasalligi, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya dastlabki tashxisi qo‘yilgan.
Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlar va yetakchi mutaxassislar tomonidan kerakli maslahat va telemeditsina orqali bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.