350 haydovchi sertifikat oldi
– 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yurtimizdagi yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari haydovchilari ikki yilda bir marta majburiy ravishda malaka oshirishlari lozim, – deydi "Avtotyest Samarqand" MChJ direktori A.Vohidov. – Shundan kelib chiqib, qisqa vaqt davomida 3000 nafarga yaqin haydovchining malakasini oshirish bo‘yicha viloyatimizdagi 390 dan ortiq yuridik shaxs bilan shartnomalar imzolandi. Hozirda haydovchilar "Avtotyest 3.0" o‘quv-uslubiy kompleksi asosida bir haftalik o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Mashg‘ulotlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilgan holda yigirma nafarga yaqin yuqori malakali mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda.
Tinglovchilarga multimedia elektron o‘quv qo‘llanmalar, ishchi daftarlar tarqatilgan bo‘lib, ularning bir hafta davomida egallagan bilimlari tegishli tartibda baholanadi. Kurs yakunida sinov o‘tkazilib, ushbu bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan haydovchilarga sertifikat beriladi.
Hozirgacha 350 nafar haydovchi malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli o‘tab, belgilangan namunadagi sertifikatga ega bo‘ldi.
Haydovchilar malakasini oshirish tadbirlari ish beruvchilarning o‘z mablag‘lari, byudjet tashkilotlarida esa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi.