38 ta korxona mansabdorlariga tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotgan iste’molchilar, shu jumladan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, nazorat tadbirlarida yilning o‘tgan davrida 38 ta korxona tomonidan 110,4 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 98,8 mln. kub yoki 4,1 mln. xonadonning ikki kunlik iste’mol ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan tabiiy gaz o‘g‘irlanganligi aniqlangan.

Korxona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur korxonalarning mansabdor shaxslari va boshqa ishga aloqador bo‘lgan shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

Eslatma: avtomobillarga gaz to‘ldirish kompresslash faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib, tabiiy gazni juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga hamda 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishiga sabab bo‘ladi.