4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygan, Bulung‘ur tumani aprel oyida ko‘rsatkichni keskin tushirib yuborgan

Prezident raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan 4 oyda sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetdi.

“Bu – hozirgi murakkab sharoitda o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasi. Lekin 29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trillion so‘mga kamaygan. Bu kichkina raqamlar emas”, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sanoat, eksport va tushum bo‘yicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimidagi masalalar o‘z vaqtida va to‘liq hal qilinganida sanoatda yana 2 foizlik o‘sishga erishish mumkin edi.

Masalan, o‘tgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 milliard so‘mga kamaydi.

Poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 milliard so‘mlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1 foiz o‘sish boy berildi.

O‘rtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona o‘tgan yilgidan 1 trillion so‘mga kam mahsulot chiqargani bois, 30 million dollar eksport yo‘qotildi.

Yoki yanvar-mart oylarida sanoatda o‘sish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulung‘ur, Dang‘ara, O‘zbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib ko‘rsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.

Shu munosabat bilan uch kun muddatda “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikali bo‘yicha har bir masalani tezkor hal qilish uchun respublikadan aniq mas’ullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi.

Vertikal bo‘yicha qaysi bo‘g‘inda muammo yechilmasa, o‘sha tizim mas’ullaridan so‘rov qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.