410 kilogramm ko‘sakni chorva mollari uchun terib olgan “uddaburon” ushlandi (video)

Paxta dalalarida g‘o‘za nihollari ayni ochilish fazasiga kirdi. Bu davr paxtakorlarimizning yil davomidagi mehnatining yuzaga chiqish pallasi hisoblanadi. Lekin ayrim "uddaburonlar"ning daladan shaxsiy manfaati yo‘lida g‘o‘za ko‘saklarini o‘g‘irlashi ham uchramoqda. Shunday hol Ishtixon tumani kuzatildi.

Joriy yilning 15 sentyabr kuni Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan Yangiravot mahalla fuqarolar yig‘ini O‘rtaqishloq qishlog‘ida 45 ta xonadon o‘rganildi. O‘rganish jarayonida tumandagi "Pahlavon Mahmud" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Jamshid Abduvaliyevga qarashli paxta maydonidan shu mahallada yashovchi R.Ashurov 410 kilogramm ko‘sakni chorva mollariga berish maqsadida terib olib, yashash uyining molxonasiga yashirib qo‘yganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 Surishtiruv davomida "Pahlavon Mahmud" fermer xo‘jaligining 1,5 gektar paxta maydoni payhon qilinib, xo‘jalik manfaatlariga 1 million 107 ming so‘m moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Yangiravot mahallasida IIB targ‘ibot guruhi tashabbusi bilan tashkil etilgan muhokamada R.Ashurov qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, yig‘ilganlardan kechirim so‘radi va bu holat boshqa takrorlanmasligiga va’da berdi.

Olim QO‘ChQOROV.