4,5 milliard so‘mni “yeb” yuborgan quruvchi va buyurtmachiga jinoyat ishi ochildi
Bu holat Samarqand shahrida 200 o‘rinli tug‘ruqxona binosini qurish bo‘yicha buyurtmachi – “Ya.B.X.” DUK bilan pudratchi “O.A.H” MChJ o‘rtasida tuzilgan 31,1 milliard so‘mlik bajarilgan ishlarning nazorat o‘lchovidan o‘tkazilganida ma’lum bo‘ldi.
Gap shundaki, nazorat davomida jamiyat va buyurtmachi korxona mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki qurilish ishlari to‘liq bajarilganligi haqida 2025 yil 10 fevralda soxta hisob-varaq faktura rasmiylashtirib, bajarilmagan 4,5 milliard so‘mlik ishlarni qo‘shib yozib, juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Davlatning, xalqning puli hisobsiz deb o‘ylab, jinoyat jazosiz qolmasligini unutib qo‘ygan bu shaxslarga jamiyatda qonun ustuvor, jazo muqarrarligi eslatib qo‘yiladigan bo‘ldi.