5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi
Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturida ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar berilishi aytildi. Jumladan:
- kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
- kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida yengilliklar oladi. Xususan:
- ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;
- qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;
- barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;
- bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.