5 ta davlatning 16 ta tibbiyot oliygohi talabalari yozgi maktab tadbirlari doirasida Samarqandga keldi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida tibbiyot oliygohlari talabalarining “Xalqaro yozgi maktab”iga start berildi. “Xalqaro yozgi maktab” doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Rossiya kabi davlatlaridagi jami 16 ta tibbiyot oliygohlaridan 50 ga yaqin talaba Samarqandga keldi.
- Yozgi maktab tibbiyot ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘zaro fikr, tajriba almashinishlari hamda bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishlari uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tab beradi, – dedi Marat Ospanov nomidagi G‘arbiy Qozog‘iston tibbiyot universiteti rektor maslahatchisi Talgat Nurgojin.
“Xalqaro yozgi maktab” ishtirokchilariga bir hafta davomida yetuk professor-o‘qituvchilar tomonidan darslar hamda master-klasslar tashkil etiladi. Shuningdek, sport o‘yinlari va intellektual o‘yinlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, talabalar Samarqand tarixiy obidalariga sayohat qiladi.
I.M.Sechenov nomidagi birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti talabasi Natasha Shishkina yozgi maktab haqidagi taassurotlarini bo‘lishar ekan: “Xalqaro maktab nafaqat ilmiy-amaliy jihatdan, balki, talabalarning yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish uchun tashkil etilgani biz yoshlarga yanada quvonch bag‘ishladi”, - dedi.
Samarqandda tibbiyot ta’lim muassasalarining “Xalqaro yozgi maktabi” 7 avgustdan 12 avgustgacha davom etadi.