50 ming dollar miqdoridagi Al-Xorazmiy xalqaro mukofoti ta’sis etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etilishi belgilangan.

Mukofot bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanadi.

U ikki yilda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining taklifiga ko‘ra uchta yo‘nalish (fundamental sohadagi tadqiqot, yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta’minlagan tadqiqot) bo‘yicha beriladi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha mukofot sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 50 ming AQSh dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.