52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” qilinib, unga tarix bilan bog‘liq miniatyuralar joylashtirilmoqda.

Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.

Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon yaratmoqda.

San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot, Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.

- 50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi, - dedi rassom Behzod Hojimetov. - Bundan tashqari, ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi, devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devorini joylashtirish ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni «Ginnes rekordlar kitobi»ga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.

Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyura orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi.

Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirilgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratilgan. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga, Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.

Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari aks etadi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan.

Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.