59 nafar talaba “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovida g‘olib bo‘lib, 1,7 million so‘mdan pul mukofoti oldi
Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy-texnik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida har yili “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda.
Mazkur tanlovda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti iqtidorli talabalari faol ishtirok etib, munosib taqdirlanib kelinmoqda. Xususan, 2023 yilda tanlovda ishtirok etish uchun institut talabalari tomonidan 32 ta ariza topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 117 ta ariza berildi. Institutda talabalarga noan’anaviy usullarda bilim berilishi, ilk bor institutga qadam qo‘ygan talabalarni “Ustoz-shogird” an’analari asosida professor-o‘qituvchilarga biriktirilishi, ilmga yo‘naltirish tizimli tashkil etilganligi o‘z samarasini bermoqda. Xususan, 2023 yilda mazkur tanlovning tuman bosqichida 18 nafar, viloyat bosqichida 8 nafar va respublika bosqichida 6 nafar talabamiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovida ishtirok etish uchun IQ testdan 110 baldan yuqori natijaga erishgan ishtirokchilar soni 9837 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ularning 112 nafari institutimiz talabalaridir. Tanlovning 1-bosqichi respublikamizning 206 ta tuman (shahar)larida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Institut talabalarining 51 foizi boshqa viloyatlarda doimiy istiqomat qilishi bois tanlovda Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Xorazm, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari tumanlarida talabalarimiz faol ishtirok etmoqda.
Institut iqtidorli talabalari IT texnologiyalar, qishloq xo‘jaligida noan’anaviy oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va undan yangi turdagi mahsulotlar olish, ikkilamchi mahsulotlardan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini olish, resurs tejamkor texnologiyalar, hududlarda agroturizmni rivojlantirish va boshqa turdagi g‘oya va loyihalari bilan tanlovda qatnashmoqda. Xususan, institutning agrobiologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Fotima Qodirqulova “Ekologik toza o‘simlik suti ishlab chiqarish” innovatsion loyihasi bilan 1-bosqichda Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida ishtirok etib g‘olib bo‘ldi. F.Qodirqulova noan’anaviy ekin bo‘lgan yasmiq o‘simligini yetishtirib, undan ekologik toza va vitaminlarga boy hamda dorivorlik xususiyatiga ega bo‘lgan sut olish texnologiyasini ishlab chiqish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shuningdek, iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti 2-bosqich talabasi Shahzoda Boyqulova “Health Heart” innovatsion loyihasi bilan Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar bosqichida g‘olib bo‘ldi. Sh.Boyqulova innovatsion loyihasida qishloq hududlarida organik o‘rikzor tashkil qilish orqali agroturizmni rivojlantirish, o‘rik va undan olingan turshak mahsulotini quritish, maydalangan holda choy shaklida qadoqlash orqali yangi turdagi mahsulotni yaratish va uni eksportga yo‘naltirish borasida ilmiy tadqiqot ishlari olib bormoqda.
Umumiy olganda, institutning 59 nafar iqtidorli talabasi “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovining tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, har biri 1 mln 700 ming so‘mdan pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi. Tanlovning viloyat bosqichi 11-27 aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shukrullo Muratov,
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash sektori boshlig‘i.