6 yoshli bolani otasi kaltaklamagani, uning yiqilib tushgani ma’lum qilindi
Aniqlanishicha, ota-onasi ajrashgani sababli bir yildan buyon bola onasi bilan yashab keladi.
Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda 6 yoshli bolaning otasi tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ko‘p o‘tmay Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi va holat nazoratga olingani ma’lum qilindi.
Keyinroq viloyat IIB tomonidan holatga aniqlik kiritildi.
Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvda bolakay Urgut tumanida yashashi, uning otasi va onasi bir yildan ortiqroq vaqtdan beri birga yashamasligi, ularning o‘rtasida 3 nafar farzandi borligi, farzandlarning 3 nafari ham onasi bilan birga yashashi aniqlangan.
Fuqarolik sudining qaroriga asosan farzandlarning otasi voyaga yetmagan farzandlarini haftada bir kun, shanba va yakshanba kunlari kunduz kuni soat 10:00 dan soat 17:00 ga qadar olib ketib, uchrashishiga ruxsat etilgan. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda ota o‘g‘lini yashash uyiga olib ketgan, shu kuni 6 yoshli A.A. ko‘chada o‘ynab yurgan vaqtida yiqilib, tan jarohati olgan va uni otasi Urgut tumani markaziy shifoxonasiga olib borgan.
Tekshiruvda bironta shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.