Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

600 yillik yubiley SamDUning ilmiy salohiyati va imijini oshiradi

Bugun ommaviy axborot vositalari va internet sahifalarida Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyini nishonlashga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilinmoqda. Bu mamlakatimizda oliy ta’lim tizimi tarixini o‘rganishga katta e’tibordan nishona.

Mamlakatimiz, xalqimiz tarixiga nazar tashlasak, yurtimizdagi o‘nlab qadimiy shaharlarda yuzlab shunday oliy dargohlar mavjud bo‘lgan. Faqat ular qadimdan universitet emas, madrasa, madrasai oliya nomi bilan ma’lum va mashhur edi.

Jumladan, 1420 yili Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bekning farmoni bilan yangi madrasa qurilib, ishga tushirildi. Bu madrasada o‘z davrining mashhur olimlari talabalarga tahsil berishdi. Osmon sirlari, fiqh va tabobatga doir fanlar rivoj topdi. Madrasa ta’limi O‘zbekistonda to sho‘rolarning mash’um madaniy islohotlarigacha mavjud bo‘ldi va o‘z tarixiy vazifasini bajardi.

Sho‘rolar davrida madrasa faqat diniy ta’lim muassasasi, deb talqin qilindi va bunday ta’lim muassasalari ta’qibga uchradi. Nazdimizda, madrasa – bu Sharq oliy ta’lim muassasasi, universitet esa G‘arbda urf bo‘lgan oliy o‘quv yurti. Hozir mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davrida biz Sharq va G‘arb ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtiryapmiz.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Samarqand davlat universiteti bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasaning qonuniy va haqiqiy vorisi. Shuning uchun Samarqand davlat universitetining har bir professori, har bir talabasi Mirzo Ulug‘bek madrasasi ochilishi bilan asos solingan oliy ta’lim muassasasida ishlayotgani, o‘qiyotgani uchun faxr-iftixor qilishga haqli.

Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyining tantanali nishonlanishi mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyati va imijigi ijobiy ta’sir etishi, shubhasiz.

B.ALIMJONOV,

t.f.n., Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti doktoranti.