63 ming qoramolning 1,5 mingtasi naslli. Bu me’yormi yoki ...?
Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan chorvachilik xo‘jaliklariga naslli qoramollar keltirish, ularga sifatli servis xizmati ko‘rsatish, ozuqa bazasini mustahkamlash, qoramollarni sun’iy urug‘lantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirda viloyatda 336 ta veterinariya shoxobchasi, 260 ta sun’iy urug‘lantirish maskani ishlab turibdi. 2019 yilda 399 ming 880 doza urug‘ keltirilib, 264 ming 300 bosh qoramol sun’iy urug‘lantirildi.
Jumladan, o‘tgan yili Samarqand tumanidagi “Sharif chorvanasl” naslchilik fermer xo‘jaligiga Germaniyadan 31 bosh “Simmental” zotli naslli qoramollar keltirildi.
- Qoramollar 21 kunlik karantin nazoratidan o‘tkazilgach, ulardan sog‘lom nasl olish, mahalliy sharoitdagi ozuqaga moslashtirish ishlari boshlandi, - deydi inspeksiyaning Samarqand tumani bo‘limi boshlig‘i Sa’dulla Uzoqov. – Hozirda tumandagi 38 ta chorvachilik fermer xo‘jaligida 3434 bosh yirik shoxli qoramol boqilmoqda. Mavjud chorva mollari naslini yaxshilash uchun 20 ta zooveterinariya shoxobchasi tashkil etilib, viloyat “Chorvanasl” birlashmasi tomonidan barcha toifadagi xo‘jaliklar uchun 7756 doza sun’iy urug‘ keltirilib, 5,5 ming bosh qoramol sun’iy urug‘lantirildi.
Hozirda chorvachilik fermer xo‘jaliklarida 63 ming boshdan ortiq qoramol boqilayotgan bo‘lsa, shuning 1,5 ming boshga yaqini naslli chorva mollaridir.
“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.