7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni: Hukumatlar o‘z xalqlarining salomatligi uchun javobgardirlar
1948 yil 7 aprel Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha assambleyaning Birinchi yig‘ilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga asos solingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo‘lib, uning tarkibiga hozirda 194 ta a’zo davlatlar kiradi.
JSSTning joriy nizomi qabul qilingan o‘sha olis 1948 yilda Jenevada yig‘ilganlar, albatta, sog‘liqni saqlashga oid yirik global masalalarda hamkorlik qilishni maqsad qilgan edi. O‘shandan boshlab bu sana, shuningdek, Butunjahon salomatlik kuni sifatida nishonlanadi.
Qizig‘i shundaki, JSSTning «ajdodi», ya’ni funksional jihatdan u bilan yaqin vazifalarni bajargan ilk xalqaro tashkilot 1839 yilda Usmoniylar imperiyasi poytaxtida tashkil qilingan. U Istanbul xalqaro sog‘liqni saqlash oliy kengashi deb nomlangan. Bu tashkilotning vazifasi ham aynan global epidemiyalarning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘lib, asosan imperiya portlarida o‘lat va vaboga qarshi choralarni ko‘rish bilan shug‘ullangan. 1923 yilda ham shunga o‘xshash tashkilot tuzilgan bo‘lib, u Millatlar Ligasi tarkibidagi sog‘liqni saqlash tashkiloti bo‘lgan.
JSST nizomi quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
1. Salomatlik — bu nafaqat tanada kasalliklarning mavjud emasligi, balki umumiy-ijtimoiy, ruhiy hamda jismoniy barqarorlik holatidir;
2. Kishining irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, salomatlik borasida eng yaxshi darajaga erisha olishi har bir shaxsning eng asosiy huquqlaridan bir hisoblanadi;
3. Jahondagi barcha xalqlarning salomatligi dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishining eng asosiy omili bo‘lib, u har bir mamlakat va davlatning to‘liq o‘zaro hamkorligiga bog‘liqdir;
4. Har qanday davlatning sog‘liqni saqlash borasidagi erishgan natijalari barcha uchun ahamiyatlidir;
5. Turli mamlakatlarda kasalliklarga qarshi kurash, ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasidagi choralarning notekisligi qolgan barcha uchun umumiy xatarni keltirib chiqaradi;
6. Bola salomatligi eng ustuvor vazifa hisoblanadi;
7. Barcha xalqlar uchun tibbiyot, psixologiya va turdosh ilmlar yutuqlaridan birdek foydalana olish sharoiti yaratilishi — salomatlikni ta’minlash borasidagi eng asosiy shartlardan biri bo‘lishi kerak;
8. Xalq salomatligini yaxshilash borasida jamoatchilik bilan faol ishlash, uning bu boradagi tushunchalarini shakllantirish, ushbu xalqning salomatligini himoyalash uchun g‘oyat muhimdir;
9. Hukumatlar o‘z xalqlarining salomatligi uchun javobgardirlar. Bu javobgarlik sog‘liqni saqlash sohasida tegishli choralarni ko‘rishni taqozo etadi.
Ushbu sananing xalqaro bayram kuni sifatida nishonlanishi, xalqaro hamjamiyat va har bir shaxsni jahondagi mavjud hozirgi dolzarb tibbiy masalalarga e’tibor qaratishga chorlashni maqsad qiladi. Kishilarni o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikka hamda yaqinlari va jamiyat oldidagi mas’uliyatni anglagan holda ish tutishga chorlaydi.