77 yil oldin topilgan “Omonqo‘ton g‘ori” haqida nimalarni bilasiz?
Omonqo‘ton qishlog‘i Urgut tumanining janubi-sharqiy qismida, ya’ni Zarafshon tog‘ tizmalari bo‘ylab, tog‘oldi hududida joylashgan qadimiy go‘sha sanaladi. Aynan shu qishloqdan qadimda Buyuk ipak yo‘li o‘tgan va viloyatimizdan topilgan eng qadimiy yodgorliklardan biri “Omonqo‘ton g‘ori” ham shu hududda joylashgan. O‘rta poleolit davriga oid mazkur g‘orga ekspeditsiya uyushtirdik.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Omonqo‘ton g‘ori” 1947 yilda arxeolog David Lev tomonidan topilgan. G‘or ochilgan paytda MDH davlatlari hududida 166 ta paleolit davriga oid yodgorliklar aniqlangan. Samarqand davlat universiteti olimlar guruhi o‘sha vaqtda poleolit davri yodgorliklarini o‘rganishning ancha taraqqiy etgan uslubidan foydalangan. Makon Chaqulqulyon tog‘larida dengiz sathidan taxminan 1300 metr balandlikda, Samarqand shahridan 45 kilometr janubda joylashgan. G‘orda tadqiqotlar 10 yil davom etgan. Ob’yekt madaniy qatlamlarining qalinligi 0,25 dan 1,5 metrgacha yetadi.
Bahor oylarida g‘ordan suv chiqadi
- G‘or milliy tabiat bog‘i hududida joylashgan, - deydi Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i direktori Azamat Amrullayev. – 1947 yilgacha bu joyda g‘or bor-yo‘qligini mahalliy aholi ham bilmagan. Samarqand davlat universiteti arxeologiya kaderasi professori David Lev qadimiy g‘orni aniqlab, qazishma ishlarini olib borgan. Arxeologik qazishma va tadqiqotlar natijasida g‘orda o‘rta paleolit davriga oid odamlar, turli jonzot va hayvonlarning 16 ming dona suyaklari, gulxan, o‘choqlar, ov va ish qurollari topilgan. Har yili bahor oylarida yer osti suv sathining ko‘tarilishi natijasida g‘ordan suv chiqadi. Ushbu jarayon may oyining oxirigacha, ba’zida saratonga qadar davom etadi va suv o‘z-o‘zidan quriydi. Afsuski, shu yil bahorda iqlim o‘zgarishi natijasidami, suv chiqmadi.
G‘or ichkarisi qismlarga bo‘lingan
G‘orning umumiy uzunligi 82 metr bo‘lib, ichkariga 10 metr kirilganda balandligi qariyb 4 kilometrlik keng joy bor. G‘or ichkarisiga kirganimizda supa va bitta xonaga bo‘linganini ko‘rdik. Xona oq toshlardan qilingan va hozirgacha rangini yo‘qotmagan. G‘or ichkarisida namgarlik saqlanib qolgan bo‘lsa-da iliq ekan. Aytishlaricha, g‘or kuz va qish faslida iliq, bahorda suv bilan to‘lib, yozda salqin bo‘ladi. Devorlar juda qadimiy, naqshga o‘xshagan chiziqlar va suv chiqadigan tirqishlar bilinib turibdi. G‘or ichkarisida qariyb 40-50 metr yurganimizdan keyin tor yo‘lakka duch keldik, lekin u yerdan o‘tishning imkoni bo‘lmadi.
Milliy bog‘ direktori Azamat Amrullayevning so‘zlariga ko‘ra, g‘or ichkarisidagi yo‘lak keyingi yillarda qisqarib bormoqda. Ammo shu yo‘lakdan o‘tgandan keyin 25-30 metr yana g‘orning oxirigacha keng joy bor. Bir so‘z bilan aytganda, g‘orning aniqlanishi va g‘ordan topilgan arxeologik topilmalar nafaqat ibtidoiy davr odamlarining hayoti, yashash tarzi, ov hamda ish qurollari balki qadimgi paleoiqlim haqida ham muhim ma’lumlotlar beradi.
Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i sayyohlar tashrif buyuradigan diqqatga sazovor maskan
Qadimiy g‘or noyob o‘simlik va hayvonot turlari mavjud, o‘ziga xos landshaftga ega, tog‘ yonbag‘rida, 1,5 ming gektar maydonni egallagan bog‘ hududida joylashgani bilan ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Bahor va yoz oylarida milliy bog‘ hududi mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi.
- Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 martdagi qarori asosida «Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i» tashkil etilgan, - deydi Azamat Amrullayev. - Milliy bog‘ni tashkil etishdan asosiy maqsad tabiatni asrab-avaylash, o‘rmon va tog‘oldi hududlardagi yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish va rivojlantirishdan iborat. Hududning 1000 gektari qo‘riqxona zonasi, 400 gektar rekreatsion va 100 gektari xo‘jalik yuritishga mo‘ljallangan. Bog‘da 1300 turdan ziyod noyob o‘simlik va daraxtlar, 120 turdan ortiq hayvon va jonzotlar yashaydi. O‘simlik va hayvonot dunyosini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududda 15 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, hududda ta’qiqlovchi va ogohlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lib, milliy bog‘ga keluvchi mahalliy va xorijlik sayyohlar hamda aholi o‘rtasida bog‘ining qo‘riqxona zonasiga ruxsatsiz kirmaslik, noyob o‘simlik, daraxt va jonzotlarga ziyon yetkazmaslik borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ammo keyingi paytda milliy bog‘ hududidagi mahalliy aholi tomonidan «Qizil kitobga» kiritilgan dorivor o‘simlik va gullarni uzish, ziyon yetkazish, qo‘riqxona zonasida chorva mollarini boqish holatlari ham kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida o‘nga yaqin holatda fuqarolar tomonidan qonunbuzilish holatlari kuzatilgan va tegishli tartibda choralar ko‘rilgan. Aytish joizki, tabiat bog‘ining qo‘riqxona zonasiga kirish, o‘simliklarni payhon qilish, «Qizil kitobga» kiritilgan o‘simliklar va gullarni uzish, shikastlantirish, daraxtlarni, butalarni kesish, o‘tin va shox-shabba olish, dorivor-ziravor o‘simliklarni (tog‘ choyi, kiyik o‘ti, zira va boshqa dorivorlarlar)ni terish, hayvonot dunyosiga zarar keltirish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.