8 sentyabr − Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni

Bir qarashda, jurnalistika u qadar xavfli kasbga o‘xshamasa-da u dunyodagi eng xatarli kasblardan biri deb tan olingan.

UNESCO rasmiy saytining 1993 yildan boshlab qayd etgan ro‘yxatiga ko‘ra, bugungacha dunyoda 1405 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Jurnalistlarga hujum haqidagi xabarlar bugun ham tez-tez quloqqa chalinib turadi, afsuski.

Shu sabab qalam ahlining o‘zaro birdamligi nafaqat tilda, balki amalda ham o‘z isbotini topishi uchun birdamlik kuni alohida bayram sifatida belgilangan. 1958 yili Xalqaro jurnalistlar tashkilotining Buxarestda bo‘lib o‘tgan IV kongressi qaroriga binoan, har yili jahonda 8 sentyabr Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni (International day of solidarity of journalists) sifatida nishonlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, keyinchalik BMT tomonidan ham ushbu kun Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni deb e’lon qilingan.

Bu kun o‘z-o‘zidan tanlanmagan, albatta. Ushbu kun 1943 yil 8 sentyabr kuni Berlinda fashistlar tomonidan qatl qilingan chexoslovakiyalik jurnalist va adabiy tanqidchi Yulius Fuchik xotirasiga bag‘ishlab tanlangan. Fuchik Praga qamoqxonasida bo‘lgan vaqtida "Dor ostidan reportaj" (Notes from the gallows) kitobini yozgan. Mazkur kitob dunyoning 70 tiliga tarjima qilingan bo‘lib, muallif vafotidan so‘ng ikki yil o‘tib, 1945 yilda ilk bor chop etilgan, yetti yil o‘tib esa Xalqaro tinchlik sovrini bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, Amerika jurnalistlarining eng nufuzli mukofoti hisoblanmish Pulitser mukofotining taqdirlash marosimi ham deyarli har yili 8 sentyabrda o‘tkaziladi.